Sohibqiron nomini butun yozishga kuchimiz yetmayaptimi?
FOTOTANQID
[gallery-28524]
Shahrisabz — nafaqat O‘zbekistonning, balki insoniyatning bebaho xazinasi. Uning YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani shunchaki e’tirof emas, balki dunyo oldidagi ulkan mas’uliyatdir. Bu maqom shahardagi har bir g‘isht, har bir bitik davlat va xalq mulki sifatida ko‘z qorachig‘idek asralishini talab etadi. Biroq, bugun shahar markazidagi xiyobonga qadam qo‘ygan kishining dili xufton bo‘ladi. Sohibqiron Amir Temur haykali poyidagi yodgorlik toshiga o‘rnatilgan harflar birin-ketin to‘kilib tushmoqda. Bir paytlar salobat bilan yashnab turgan yozuv bugun majruh holatda:
“ir temur haykali, zbekiston respublikasi...”
Bu shunchaki texnik nosozlik emas. Bu — ma’naviyatimiz poydevoriga tushgan darz! Amir Temur tavalludining qutlug‘ ayyomi yaqinlashib kelayotgan bir paytda, uning nomini e’zozlash o‘rniga, ismining harflarini yerda sochilib yotishiga yo‘l qo‘yib berdik.
Sayyohlar nima deydi?
Xiyobon gavjum. Germaniya, Italiya, Janubiy Koreya va Xitoydan kelgan sayyohlar haykal poyida to‘xtab, hayrat va afsus bilan bosh chayqashadi.
Bir germaniyalik mehmonning gapi yuzimizga tarsaki bo‘lib tushdi: “Men bu so‘zlarning ma’nosini tushunmadim, lekin harflarning tushib ketganidan angladimki, bu yerda nimadir noto‘g‘ri. Germaniyada bunday holat yuz bersa, bir soat ichida bartaraf etiladi. Bu tarixga bo‘lgan hurmat belgisidir”.
Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida tarixiy obidadagi kichik bir shikastlanish favqulodda holat sifatida baholanadi. Maxsus inspektorlar va jamoatchilik nazorati tishining kavagidagi qoldiqni ham sezadigan darajada ishlaydi. Bizda-chi?
Mutasaddilarning mudrashi qachongacha?
Bu muammo haqida tahririyatimiz avval ham bong urgan edi. Ammo mas’ullarning "qulog‘i og‘ir" bo‘lib qolgan ko‘rinadi. Toshlavha esa jimgina chidab turibdi — yarimta nomi, unutilgan qiyofasi va to‘kilgan harflari bilan bizning insofimizga havola qilmoqda.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Shahrisabz shahar madaniy meros boshqarmasi, obodonlashtirish departamenti va viloyat mutasaddilari bu holatni ko‘rmayaptimi? Agar ko‘rib, ko‘rmaganlikka olayotgan bo‘lsalar — bu loqaydlik. Agar haqiqatan xabardor bo‘lmasalar — bu o‘z vazifasiga nisbatan xiyonatdir!
Jahon merosi degani — dunyoning nigohi ostida yashash degani. Bugun dunyo bizga qarab turibdi. Va ular haykal poyidagi bo‘shliqlarda bizning milliy g‘ururimiz va mas’uliyatimizning darajasini ko‘rmoqda.
Sohibqiron bobomiz: “Kuch — adolatda” degan edi. Adolat esa avvalo o‘z tarixingga, ajdodlaring nomiga bo‘lgan hurmatdan boshlanadi. Tushib ketgan har bir harf — bu bizning ma’naviy kemtigimizdir. Uni tiklash uchun yubiley kutish shart emas, vijdon uyg‘onsa kifoya.
Tahririyatdan: Umid qilamizki, ushbu fototanqiddan so‘ng mutasaddilar uyqudan uyg‘onishadi va yaqin soatlar ichida Sohibqiron nomi o‘z joyiga, to‘liq holida qaytariladi. Biz vaziyatni kuzatishda davom etamiz.
Jamshid NORQOBILOV(surat),O‘zA