Sohibqiron ishlab chiqqan harbiy usullar (+video)
Sohibqiron siyosati va harb ishidagi mahorati nimasi bilan ajralib turadi? Tarix instituti “Harbiy tarixni o‘rganish” markazi katta ilmiy xodimi Nizomiddin Gulboyev bilan Amir Temurning harb taktikalari xususida suhbatlashdik.
– Amir Temur jang boshlanishidan avval qon to‘kilmasligi uchun muzokara yo‘lini izlagani tarixiy manbalarda qayd etilgan, – dedi Nizomiddin Gulboyev. – Agar buning iloji bo‘lmasa, imkon qadar askarlari jonini saqlab qolish maqsadida, jang bo‘ladigan maydonning o‘ziga qulay tomonini egallashga harakat qilgan. Bunda jang maydonida yerning suvga uzoq-yaqinligi, lashkar turgan joyning xavfsizligi, dushmandan teparoqqa joylashish va oftobga ro‘baro‘ bo‘lmaslik, ya’ni quyosh shu’lasi askarlar ko‘zini qamashtirmasligi hamda urush maydoni oldi ochiq, keng joyda bo‘lishligiga e’tibor qaratgan.
Bundan tashqari, qo‘shin shunday tartibda safga tizilganki, qattiq intizom, uyushqoqlik, tezkorlik talab qilingan. Qo‘shin o‘nlik, yuzlik, minglik, tuman kabi bo‘limlardan tashkil topgan bo‘lib, ulardagi har bir qism o‘z o‘rnini bilgan. Jang vaqtida Amir Temur o‘zi turadigan qarorgohni baland, hamma ko‘rib turadigan joyga o‘rnatgan, bu dushmanni bilib turishi va qismlarning harakatlarini oson tarzda kuzatib borish imkonini bergan. Jang avvalida qo‘shin maxsus ko‘rikdan o‘tkazilgan, ularning qurol-yarog‘lari, jangovarligi tekshirilgan va askarlarning ruhiyati ko‘tarilgan.
Harbiy harakatlar boshlangan vaqtda lashkar qismlarini jangga ketma-ketlikda, burg‘u va nog‘ora sadolari ostida tashlash tartibi tuzib chiqilgan, bu dushmanda qo‘rquv va sarosimalikni paydo qilgan. Shuningdek, jang vaqtida qo‘shinni tezkor boshqarish va aniq harakat qilishini ta’minlash uchun ular bir-biridan ajralib turganlar. Bu haqida Sharofiddin Ali Yazdiy o‘zining “Zafarnoma” asarida Amir Temurning Boyazidga qarshi jangida Samarqanddan yordamga kelgan Muhammad Sulton boshchiligidagi qo‘shini haqida ma’lumot berib, har bir qism jangchilari turli ranglarda ya’ni, qizil, yashil, sariq va oq kiyimda ekanligi hamda ularning qurol-yarog‘ anjomlari ham xuddi kiyimlari rangiga o‘xshashini ta’kidlab o‘tadi.
– Jang taktikalarida maxfiy xizmatning o‘rni qanday bo‘lgan?
– Qo‘shin g‘alabaga erishishida maxfiy xizmatning o‘rni ham katta bo‘lgan. Ibn Arabshoh “Ajoib al-maqdur fi tarixi Taymur” asarida maxfiy xizmat xodimlaridan bo‘lgan amir Otlamish va Mas’ud al-Kuxjoniyning faoliyatini ta’kidlab, dushmanlardan mohirona ma’lumot olish tartibini aytib o‘tadi. Ularning xizmatlari evaziga Amir Temur katta imperiyasidagi turli hududlarda bo‘layotgan voqea-hodisalar, mamlakat xavfsizligiga raxna soluvchi dushmanlari xatti-harakatlari haqida tezkorlik asosida ma’lumot olib, ularni o‘z vaqtida hal qilish chorasini ko‘rgan.
Amir Temur birinchi bor qo‘llagan usul – qo‘shinni bir qancha favj (qism)larga bo‘lgan holda jangga ketma-ketlikda kiritgan. Bu esa o‘z davrida jang san’atida yangi qo‘llanilgan bo‘lib, har qanday dushmanni tez va osonlik bilan mag‘lub etgan. Dushman ham bunday usulni ko‘rmagan holda chalg‘ib, keyingi zarbalar sabab to‘la mag‘lub bo‘lgan.
Nizomiddin Shomiy o‘zining “Zafarnoma” asarida 1391 yil 18 iyunda Qunduzcha yaqinida bo‘lgan jangda Amir Temur To‘xtamishxonga qarshi o‘z lashkarini yetti qismga bo‘lgan holda, mutlaqo yangi usulda jang olib borganligini ta’kidlaydi. Ushbu usulda jang olib borilishini ko‘rmagan To‘xtamishxon lashkarlari qisqa vaqt ichida tor-mor etiladi.
“Temur tuzuklari” asarida bunday jang olib borish usuli to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tiladi. Unga ko‘ra odatda yengil qurollangan qismlar, ya’ni o‘ng va chap qanot qorovullari hamda hirovulning hirovuli jangni boshlab bergan. Uning ketidan olti qatordan iborat katta hirovul tashlanib, dushmanga qarshi ketma-ketlikda olti zarba berilgan. Agar dushman nisbatan kuchli bo‘lib, ushbu olti zarbaga qarshi tura olsa, bundan keyingi navbatda o‘ng qanot chapovul va chap qanot shiqovul hirovuli, uning ortidan birinchi, ikkinchi va shu tartibdagi olti qatordan iborat chapovul va shiqovulda turgan sarkardalar navbat bilan jangga kirgan.
Mabodo bu yordamlar ham kamlik qilsa, barong‘or (o‘ng qanot) va javong‘or (chap qanot) hirovuli hamda uning ortida turgan olti qatordan iborat qismlar tashlangan. Bunda barong‘orga amirzodalar va javong‘orga boshqa qarindoshlardan iborat sarkardalar boshchilik qilgan.
Amir Temur tomonidan lashkarni bunday tartibda jangga tashlashning asosiy sababi, dushmanni o‘rab olib, uni to‘la mag‘lub etishdan iborat bo‘lgan. Agar ushbu zarbalardan keyin ham dushman chekinmay, o‘rnida turaversa, u holda qo‘l (markaz)da turgan Amir Temurning o‘zi saralangan qismlari bilan qat’iy tartibda jangga kirib, uni o‘zining foydasiga hal qilgan. Bunday tartibda tuzilgan lashkarning markazi atayin kuchsizlantirilganki, bu bilan dushmanni o‘rab olib, uning asosiy kuchlari bilan bo‘ladigan aloqani bo‘lib tashlab mag‘lub etish ko‘zda tutilgan.
Amir Temur jangning katta-kichikligi, dushman qo‘shini soni ko‘p yoki kamligiga qarab turli usullarni qo‘llagan va lashkarboshilar tayinlangan. Bunda tezkorlik bilan dushman qo‘shini joylashuvi o‘rganilib, shunga qarshi lashkar safi tartib bilan tuzib chiqilgan. Dushman qo‘shini miqdori o‘n ikki mingga yaqin bo‘lsa, unda qo‘shinga amir ul-umaro yoki beklarbegi boshchilik qilgan, dushman soni o‘n ikki va qirq ming oralig‘ida bo‘lsa bunga Amir Temur o‘z farzandlarini sarkarda qilib yuborgan. Bordiyu dushman qo‘shini qirq mingdan oshiq bo‘lsa, unda jangga Amir Temurning o‘zi boshchilik qilgan. 1402 yil 20 iyulda Anqara yaqinida bo‘lgan Boyazid Yildirimga qarshi jangga Amir Temurning o‘zi bosh bo‘lib chiqadi. Ushbu jangda qo‘shin safini Nizomiddin Shomiy o‘z “Zafarnoma”sida tasvirlar ekan, markazga fillardan iborat o‘qchilar joylashtirilganligini qayd etadi.
Jangning muvaffaqiyatli tugashi nafaqat turli usullar, balki harbiylarning qurol-yarog‘lariga ham bog‘liq bo‘lgan. Qo‘shindagi askarlar ustiga sovut, javshan, boshiga dubulg‘a kiyib, qo‘lida qilich, oybolta, cho‘qmor, nayza va qalqon bilan jangga kirgan. Dushman qamal vaqtida berkinib olgan taqdirda toshotar qurollar, manjaniqlardan foydalanib, devorlarni buzganlar. Bundan tashqari, qo‘shinda o‘totar qurol, ra’dlar ham bo‘lganki, bu haqida Muiniddin Natanziy o‘zining “Muntaxab ut-tavorixi Muiniy” asarida yonuvchi moddani o‘q uchiga solib, qal’aga qarab otganligi va bundan dushman dahshatga tushganligini ta’kidlab o‘tadi.
Amir Temur o‘zi ishlab chiqqan jang san’ati va turli usullar asosida ko‘p sonli dushmanlarni yengdi. Buning natijasida Xitoydan O‘rta yer dengizi, Misrgacha, Moskvadan Hindistongacha bo‘lgan juda katta davlatga asos solib, mo‘g‘ullar zulmiga batamom nuqta qo‘ydi. Ming yillar davomida o‘zbek davlatchiligi tarixida rivojlanib kelgan harbiy jang san’ati tarixini o‘rganish, ajdodlarga buyuk ishlarning mohiyatini tushunish, anglashga imkon beradi.
Quyidagi videoda suhbatni batafsil tomosha qiling...
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/3FL3CvpHVrs" title="Sohibqiron siyosati va harb ishidagi mahorati nimasi bilan ajralib turadi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV suhbatlashdi.