Soha xodimlari sharaflandi
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi hamda uning tarkibidagi korxona va tashkilotlarda bayramlar keng nishonlandi.
Xususan, Nurafshon shahrida tashkil etilgan tantanali tadbirda sohada faoliyat yuritayotgan boshqaruv servis kompaniyalari vakillari, kommunal tarmoqlarda mehnat qilayotgan ilg‘or xodimlar hamda soha fidoyilari ishtirok etdi. Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari qatnashib, yig‘ilganlarni kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi.

Hokim o‘z nutqida so‘nggi yillarda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, aholiga qulaylik yaratish borasidagi ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilganidek, bugungi kunda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatish sifati izchil yaxshilanib bormoqda.
Jumladan, avariya-dispetcherlik xizmatlari 24/7 rejimida ishlab, aholining murojaatlariga tezkor javob qaytarish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, hududda jami 5 ming 247 ta ko‘p kvartirali uy (176 621 ta xonadon) mavjud. Ularga 94 ta boshqaruv servis kompaniyasi hamda 12 ta uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 2 ming 441 ta uyda joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bundan tashqari, Olmaliq, Bekobod, Yangiyo‘l, Chirchiq va Ohangaron shaharlari hududlarida ko‘p qavatli uylar mukammal ta’mirdan chiqarildi.

Shu bilan birga, ichimlik suvi va oqova tizimlarini modernizatsiya qilish, issiqlik ta’minotini yaxshilash borasida qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Bu esa aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Tadbir davomida sohada uzoq yillar samarali mehnat qilgan, o‘zining fidoyiligi bilan namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh xodimlar “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish a’lochisi” ko‘krak nishoni, faxriy yorliqlar hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Bayram tadbiri san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi bilan ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
A.Musayev, O‘zA