Sog‘lom qizlar sog‘lom kelajak tayanchi
11 oktyabr - Xalqaro qizlar kuni.
2012 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh assambleyasi tomonidan ushbu sanani nishonlash qabul qilingan bo‘lib, bundan ko‘zda tutilgan maqsad butun dunyodagi qizlarning haq-huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy hayotdagi o‘rni bo‘lishini ta’minlash, barcha sohalarda erkaklar bilan teng xuquqli, salomatligini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratish va boshqa imtiyozlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashdir.

Mamlakatimizda bo‘lgani kabi Namangan viloyatida ham ushbu sanaga bag‘ishlangan turli amaliy tadbirlar, xayriya aksiyalari tashkil etildi.
Xususan, viloyatdagi sog‘liqni saqlash muassasalari qatori, Namangan shahridagi 14-sonli oilaviy poliklinikada ham qizlar salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan "O‘smir qizlar xonasi", "Ayollarga va qizlarga psixologik yordam" xonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

- Shifo maskanimiz joylashgan hududdagi barcha umumta’lim maktablarida akusher-ginekologlar va o‘smir qizlar vrachi tomonidan yuqori sinf o‘quvchi qizlari o‘rtasida reproduktiv salomatlik bo‘yicha davra suhbatlari o‘tkazib turiladi, - deydi 14-sonli oilaviy poliklinika bosh shifokori Nafisa Tursunqulova.
- An’anaga ko‘ra, joriy yil avvalida tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan xuddi shunday tibbiy ko‘riklar tashkillashtirilib, unda balog‘at yoshidagi qizlar salomatligi shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, kasalligi aniqlangan qizlarga hozirgi vaqtda aholiga bepul berilayotgan 66 xil turdagi dori -darmonlardan tashxisiga qarab, shifokor tomonidan buyuriladi.
Ularni ambulator va kunduzgi shifoxona orqali davolashga erishilmoqda. Zero, sog‘lom qizlar ertaga onalar sifatida sog‘lom avlod va sog‘lom kelajak vakillarini dunyoga keltiradi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA