Sog‘lom muhit — barqaror mehnat kafolati
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Sirdaryo viloyat Kengashi tashabbusi bilan 28-aprel — Butunjahon mehnat muhofazasi kuni munosabati bilan “Sog‘lom psixologik-ijtimoiy ish muhitini ta’minlaylik” shiori ostida keng qamrovli seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi ish joylarida mehnat muhofazasi madaniyatini yuksaltirish, xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash, baxtsiz hodisalarning oldini olish hamda xodimlar o‘rtasida sog‘lom psixologik muhitni mustahkamlashga qaratildi. Shu bilan birga, Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari, “Xavfsiz mehnat asoslari” va “Mehnat huquqlari” bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.

Seminar-trening doirasida ishtirokchilar Guliston shahrida faoliyat yuritayotgan yirik sanoat korxonalari — ip-kalava ishlab chiqaruvchi «Mili Teks Sirdaryo» MCHJ hamda polipropilen qop mahsulotlari tayyorlaydigan “MMX-RRO” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Korxonalarda mehnat muhofazasi tizimi, texnik xavfsizlik qoidalari, favqulodda vaziyatlarda harakatlanish tartibi hamda xodimlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari bo‘yicha amaliy ma’lumotlar berildi.

Shundan so‘ng “MMX-RRO” MCHJda tashkil etilgan davra suhbatida mehnat jamoasidagi psixologik muhit, o‘zaro munosabatlar, ishga bo‘lgan motivatsiya va samaradorlik masalalari muhokama qilindi. Mutaxassislar ish joyidagi barqaror psixologik muhit mehnat unumdorligi va xavfsizlik bilan bevosita bog‘liq ekanini alohida ta’kidladilar.

Tadbirda so‘zga chiqqan Sirdaryo viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi bosh inspektori To‘lqin Abdurazzoqov, Kengash raisining o‘rinbosari Bahodir Hamidjonov, mehnat huquq inspektori Shirinxon Umaraliyeva, mehnat texnik inspektori Abdukamol Hakimov, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tashkiliy ishlar bo‘limi bosh mutaxassisi Jahongir Ixtiyorov hamda O‘zbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi o‘rinbosari Erkin Boyniyazovlar mehnat xavfsizligi sohasida qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, ish beruvchi va xodim mas’uliyatini kuchaytirish, profilaktik choralarni tizimli yo‘lga qo‘yish, mehnat muhofazasi tizimini takomillashtirish, xavfsiz mehnat madaniyatini shakllantirish va jamoada sog‘lom muhit yaratish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.

Mutaxassislar, shuningdek, xodimlarning psixologik holati va kayfiyati ish samaradorligi hamda mehnat xavfsizligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishini qayd etib, bu yo‘nalishda kompleks yondashuv zarurligini ta’kidladilar.

– Bugungi seminar-trening mehnat muhofazasini faqat qoidalar majmuasi emas, balki inson hayoti va uning psixologik barqarorligi bilan bog‘liq yaxlit tizim sifatida qarashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi, – deydi tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi mehnatni muhofaza qilish xizmati yetakchi mutaxassisi Berdimurod Abdullayev.

Chunki ish joyida sog‘lom psixologik-ijtimoiy muhitni shakllantirish, xodimlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash mehnat samaradorligi va xavfsizligini ta’minlashda hal qiluvchi omildir.
– Bunday amaliy mashg‘ulotlar ish beruvchi va xodimlarda mas’uliyat hissini yanada kuchaytiradi, – dedi u.
Seminar yakunida tarmoq kasaba uyushmalari tomonidan “Mehnat muhofazasi va xavfsizligi yuzasidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish” bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov g‘oliblari taqdirlandi. “Eng yaxshi tashkilot”, “Eng yaxshi mehnat muhofazasi vakili”, “Yosh mutaxassis” va “Eng yaxshi kasaba uyushmasi qo‘mitasi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, ularga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri