Sog‘liqni saqlash: hamkorlik davom etadi
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yurtimizda o‘tkazilayotgan “Sog‘lomlashtirish oyligi” doirasida Quvayt davlatining “Al-Amal” xalqaro jarrohlik guruhining 40 nafardan ziyod eng malakali mutaxassisi Orolbo‘yida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 300 nafarga yaqin fuqaroda jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi.
So‘nggi yillarda yurtimizdagi tibbiyot muassasalarida murakkab va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarni amalga oshirish uchun xorijlik hamkasblar bilan o‘zaro tajriba almashish imkoniyati yaratilmoqda.

Nukus shahrida, jumladan, respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialida 36 nafar, respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston hududiy filialida yurak kasalliklari bilan xastalangan 40 nafar, respublika bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 28 nafar, respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston filialida 19 nafar, respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy filialida 53 nafar, U.Xalmuratov nomidagi respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 26 nafar bemorda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Joylarda tashkil etilgan tibbiy yordam uchun Quvayt xayriya jamg‘armasi tomonidan 4 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirildi. Jarrohlik amaliyotlaridan so‘ng ham xorijiy va mahalliy shifokorlar tomonidan har bir bemorning parvarishiga alohida e’tibor qaratildi.

– Barcha tibbiyot muassasalarida yaratilgan sharoitlardan mamnunmiz. Tashrifimiz davomida mahalliy hamkasblarimiz bilan o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ham ega bo‘ldik. Jarrohlik amaliyotlari davomida bor bilim va tajribalarimizni ishga solib, bemorlarga o‘z yordamimizni berishga harakat qildik. Jumladan, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan so‘nggi bemor to‘rt bosqichda kimyoterapiya olgan. Ushbu jarrohlik amaliyotidan so‘ng uning to‘liq sog‘ayib ketishiga imkoniyat bo‘ladi, – deydi “Al-Amal” xalqaro jarrohlik guruhi a’zosi, shifokor Noura AlEbrahim.

– Bugungi kunda Misr, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, shu jumladan, Quvayt mamlakati bilan tibbiyot sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, xalqaro memorandumlar imzolandi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Murat Qurbonov. – Xususan, Xitoy Xalq Respublikasining “CSADI” kompaniyasi ko‘magida Nukus shahrida bolalar tibbiyot klasteri, Birlashgan Arab Amirligining “Shayx Xalifa Bin Ziyod Al Nahayyan” jamg‘armasi yordami bilan Nukus shahrida onalar va bolalar uchun shifoxona qurilishi, Janubiy Koreyaning “Acryl AI” kompaniyasi, Hindistonning “Sharda Hospital” klinikasi, Yaponiyaning “Digital knowledge” kompaniyasi bilan qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Quvayt davlatining “Al-Amal” xalqaro jarrohlik guruhining Orolbo‘yiga tashrifi ikki davlat rahbarlari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan va tobora mustahkamlanib borayotgan o‘zaro do‘stona hamkorlik aloqalarining amaliy samarasidir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.