“So‘g‘diyona”ning muxlislariga bayram tuhfasi
Ayni paytda futbol muxlislarining asosiy diqqat e’tibori Germaniyada o‘tayotgan Yevropa chempionatiga qaratilgan bo‘lsa-da, ashadiy ishqibozlar uchun o‘zlarining suyukli futbol jamoasining o‘yini birinchi o‘rinda turishi, shubhasiz.
O‘zbekiston chempionati superliga bahslarida bugun 11-tur uchrashuvlari yakuniga yetadi. Kecha ushbu turning 2 ta asosiy markaziy o‘yini bo‘lib o‘tdi. Jizzaxda “So‘g‘diyona” chempionatimiz karvonboshisi bo‘lib turgan Qarshining “Nasaf” klubini qabul qildi.
Uchrashuv mehmonlarning hujumi bilan boshlandi, o‘yinning ilk daqiqasidayoq “Nasaf” hujumchisi Bobur Abduxoliqov mezbonlar jarima maydonida qulay vaziyatdan foydalana olmadi.

O‘yinning 10 daqiqasi qashqadaryolik futbolchilarning bosimi va hujumlari ostida kechdi. So‘ngra ustunlik maydon egalari tarafga o‘tdi. Jizzaxliklar mehmonlar jarima maydonchasi yaqinida “Nasaf” himoyachilariga qarshi bosimni kuchaytirdi. Natijada Akmal Mozgovoy to‘p uzatishda xatoga yo‘l qo‘ydi. Bundan mezbonlar umumli foydalanib qoldi. “So‘g‘diyona” va chempionat tupurari makedoniyalik legioner Lyupche Doriyev qarshiliklarning 2 nafar himoyachisini ortda qoldirib, o‘yinning 17-daqiqasida mehmonlar darvozaboni Abduvohid Ne’matov bilan birga bir vaziyatga chiqib bordi va unga hech qanday imkonyait qoldirmadi – 1:0.

Bu Doriyevning joriy mavsumdagi kiritgan 9-goli va u to‘purarlar bahsida yakka peshqdam bo‘lib oldi. Yana bir e’tiborli tomoni, Lyupche bugun top klublar e’tiborida, yozgi transferda makedoniyalik legionerga “sovchilar” kelishi ham mumkin, ammo u boshqa klubga o‘tmoqchi bo‘lsa, yo “So‘g‘diyona” yoki uning o‘zi joriy mavsum uchun tuzilgan shartnomani bekor qilishi talab etiladi.
Mehmonlar darvozasiga kiritilgan goldan so‘ng “Nasaf” futbolchilari bor e’tiborni hujumga qaratgan bo‘lsa, mezbonlar 2-raqam ostida to‘p surdi. Birinchi bo‘limning o‘zida “Nasaf” ko‘plab xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdi, ammo hisobni tenglashtirish imkonini topa olmadi. O‘z navbatida, “So‘g‘diyona” qarshi hujumda yanada xavfliroq o‘yin namoyish etdi, lekin ular ham to‘p kiritish imkoniyatidan foydalana olmadi. Shu tariqa birinchi bo‘lim kichik (1:0) hisobda nihoyasiga yetdi.

Ikkinchi bo‘limda joriy mavsumda chempionlikni maqsad qilgan Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari hujumni yanada kuchaytirdi, o‘yinni boshqargan hakam Asker Najafaliyev o‘yinning 54-daqiqasida “So‘g‘diyona”ning yosh himoyachisi Otabek Ahadovga qizil kartochka ko‘rsatib, maydondan chetlatdi va mehmonlarning ishini ancha yengillashtirdi. Natijada mezbonlar jarima maydonida xavfli vaziyatlar, darvozasi tomon zarbalar, to‘pga egalik qilish, burchak va jarima zarbalari soni ortgan bo‘lsada, to‘p yo‘liga “So‘g‘diyona” legioner posboni va sardori Milan Mitrovich yoki himoyachilar to‘siq bo‘laverdi.
Uchrashuvning 90-daqiqasida Asker Najafaliyev “So‘g‘diyona”ning yosh iqtidorli hujumchisi Samandarjon Mavlonqulovga shu uchrashuvning o‘zida 2-bor sariq kartochka ko‘rsatdi va u o‘z-o‘zidan qizilga aylandi. Aslida “Nasaf”ning tajribali himoyachisi Sherzod Nasrullayev Samandarjonda sariq kartochka borligini bilib, ataylab, mutlaqo shart bo‘lmagan vaziyatda uni turtib yubordi, tabiyki, Mavlonqulov unga javoban nimadir dedi va bu vaziyatda hakam har ikkisiga sariq kartochka ko‘rsatdi. Bu esa mezbonlarning maydonda 9 kishi bo‘lib qolishiga olib keldi.

Uchrashuvning 2-bo‘limiga qo‘shib berilgan 9 daqiqa “So‘g‘diyona” jarima maydonchasida kechgan bo‘lsada, 2 kishi kam bo‘lib o‘ynagan mezbonlar o‘z darvozasi dahilsizligini saqlab qoldi va “Nasaf”ni joriy mavsumdagi birinchi mag‘lubiyatini tan olishga majbur etdi.
“So‘g‘diyona” mamlakat chempionatida “Nasaf”ni Jizzaxda oxirgi marta 2020 yilda 3:1 hisobida mag‘lub etgan ekan, Qarshi jamoasi oradan 4 yil o‘tib mag‘lub etildi va jizzaxlik futbolchilar o‘z muxlislariga ajoyib, matonatli g‘alabani tuhfa etdi.
Ushbu turning qolgan bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Metallurg” (Bekobod) – “Bunyodkor” (Toshkent) – 0:0, “Neftchi” (Farg‘ona) – “Surxon” (Termiz) – 1:1, “Qizilqum” (Navoiy) – “Andijon” (Andijon) – 3:3, “Paxtakor” (Toshkent) – “Navbahor” (Namangan) – 0:0.
Bugun Toshkentda “Lokomotiv” Samarqandning “Dinamo”sini, “Olimpik” esa Olmaliqning OKMKsini qabul qilgach, 11-turga yakun yasaladi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbirlari