“So‘g‘diyona” yana mag‘lub bo‘ldi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasi 8-turi bahslari Jizzaxning “So‘g‘diyona” va Qarshining “Nasaf” klublari o‘rtasidagi bahs bilan nihoyasiga yetdi va o‘yinda 1:2 hisobida mehmonlar zafar quchdi.
Jizzax shahridagi markaziy stadionda “So‘g‘diyona” – “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi bahs murosasiz va keskin kurashlar ostida o‘tdi. Ushbu bahs bosh hakami Elyor Tursunov tomonidan sariq, qizil kartochkalar ko‘rsatilib, penalti ham belgilandi va 90 daqiqali o‘yin 105 minut davom etdi.

Bellashuvning 29-daqiqasida jizzaxlik himoyachilarning qo‘pol xatosidan unumli foydalangan “Nasaf” futbolchisi Oybek Bozorov hisobni ochdi – 0:1. Natija birinchi bo‘limda o‘zgarmadi.
Ikkinchi bo‘limni hujumkor boshlagan “So‘g‘diyona” jamoasi 58-daqiqada qarshiliklar darvozasiga belgilangan penalti sabab Shohruz Norxonov o‘rtadagi farqni tenglashtirdi – 1:1. Oradan 16 daqiqa o‘tib, tinib-tinchimas qashqadaryolik Oybek Bozorov “So‘g‘diyona” darvozasi oldida yuzaga kelgan vaziyatdan puxtalik bilan foydalanib, o‘yinning 74-daqiqasida “Nasaf”ni yana oldinga olib chiqib dublga erishdi – 1:2. Hisob bahs poyoniga yetgunicha o‘zgarmay qoldi.

Ulug‘bek Baqoyev boshchiligidagi O‘zbekistonning amaldagi vitse-chempioni “So‘g‘diyona” joriy mavsumda qatorasiga 2-marta mag‘lubiyatga uchradi.

8-turning qolgan bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi: “Bunyodkor” (Toshkent) – “Metallurg” (Bekobod) – 1:1, “Neftchi” (Farg‘ona) – “Olimpik” (Toshkent) – 0:0, “Qizilqum” (Navoiy) – AGMK (Olmaliq) – 1:4, “Lokomotiv” (Toshkent) – “Qo‘qon-1912” (Qo‘qon) – 1:2, “Dinamo” (Samarqand) – “Navbahor” (Namangan) – 0:1, “Paxtakor” (Toshkent) – “Surxon” (Termiz) – 2:2.

O‘tkazilgan 8 turdan so‘ng Namanganning “Navbahor” jamoasi 16 ochko bilan yakka karvonboshi bo‘lib oldi. 2- va 3-o‘rinda borayotgan “Qizil qum” va “So‘g‘diyona”da 14 tadan, 4-, 5-pog‘onadagi AGMK hamda “Paxtakor”da 13 tadan va 6-o‘rinda borayotgan “Nasaf”da 12 ochko bor. Turnir jadvalida hamma jamoadan kam – 5 ochko to‘plagan “Neftchi” oxirgi o‘rinda bormoqda.
A.Qayumov, O‘zA