Sogʻlom millat – yurt tayanchi
Poytaxtimizdagi Gimnastika boʻyicha respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari bolalar-oʻsmirlar sport maktabida “Sport sen bilan!“ shiori ostida ommaviy sport-sogʻlomlashtirish tadbiri oʻtkazildi.
Poytaxtimizdagi Gimnastika boʻyicha respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari bolalar-oʻsmirlar sport maktabida “Sport sen bilan!“ shiori ostida ommaviy sport-sogʻlomlashtirish tadbiri oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda turli yoshdagi 250 ga yaqin fuqarolar sogʻlomlashtirish gimnastikasi mashqlarini bajardi.
Ushbu ommaviy tadbir sportning bir nechta turini oʻz ichiga olgan boʻlib, mart-avgust oylari davomida shanba va yakshanba kunlari 30-45 yoshdagi ayollar va erkaklar oʻrtasida tashkil etiladi.
Bugungi kunda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan 72 davlat tashkilotlaridan mazkur musobaqada ishtirok etish talabnomalari qabul qilindi. Qabul qilingan talabnomalarda 3750 xodimning roʻyxati shakllantirildi.
Shu bilan birga, poytaxtimizda oʻtgan yili sinov tariqasida, joriy mavsumda esa keng miqyosda oʻtkazilayotgan yana bir sport tadbiri – 25 yanvardan 10 iyunga qadar 4 bosqichda davom etadigan musobaqa jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Shuningdek, bir-biriga uygʻun holda oʻtkaziladigan yoshlar, xotin-qizlar, taʼlim muassasalari, mahalla va nuroniylar haftaliklari turli yoshdagi insonlarning sportga oshno boʻlishini taʼminlayotir.
Ushbu haftaliklar doirasida 2019 yilning oʻzida 486 sport sogʻlomlashtirish tadbiri, 190 dan ortiq davra suhbati va mahorat saboqlarini oʻtkazish taqvim rejaga kiritilgan boʻlib, ayni paytda barcha tumanlarda ishlar boshlab yuborilgan.
Bundan tashqari, haftaning bir kuni “Sport va salomatlik kuni” sifatida oʻtkazilmoqda. Unda xodimlar ish joyidan uzoqlashmagan holda yoki yon atrofdagi sport majmualari, istirohat bogʻlari hududida jismoniy tarbiya bilan shugʻullanadi. Mashgʻulotlar ularning qiziqish va ehtiyoji, yoshi va jinsiga qarab tashkil etilib, zarur jihozlar va inventarlar bilan taʼminlanayapti.
Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tasarrufidagi 24 davlat sport taʼlim muassasasida xotin-qizlardan tashkil topgan sport-sogʻlomlashtirish klublari tashkil etilgan boʻlib, ularga 30 ga yaqin murabbiy-instruktor biriktirilgan.
Aholining yoshiga qarab, umumiy jismoniy tayyorgarligini belgilovchi sport meʼyorlarini oʻz ichiga olgan “Alpomish” va “Barchinoy” testlari endilikda har yili aprel va sentabr oylarida musobaqa tarzida amalga oshiriladi.
2019 yil davomida tashkil etilgan yagona kalendar reja asosida Toshkent shahrida 81 ommaviy sport-sogʻlomlashtirish tadbirlari, 216 shahar chempionatlari oʻtkaziladi. 32 sport turi boʻyicha 178 respublika musobaqalarida poytaxtlik sportchilar ishtirok etadi.
“Sport sen bilan!“ shiori ostida ommaviy sport-sogʻlomlashtirish tadbiri doirasida jurnalistlar uchun brifing tashkil etildi. Unda Toshkent shahrida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, rejalar hamda joriy yilning 24 mart kuni Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlab oʻtkazilayotgan birinchi xalqaro yarim marafon toʻgʻrisida maʼlumot berildi.