Sobiq mahkum: "Bilmayin bosdim tikonni"
Prezidentimizning “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra 104 nafar fuqaroni afv etildi. Ular orasida buxorolik 2 nafar fuqaro ham bor.
Romitan tumani Xosa mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Halim Aslonov tunukasozlik hunari ortidan oilasini tebratib yurgan edi. Ammo muqaddas din niqobi ostida manfur maqsadlarni ko‘zlagan kimsalar qilmishi uning guldek yoshligini xazon qildi. 2004 yilda Romitan tumanidagi “Qahramon voqealari”da qatnashgan Halim umrining 16 yilini panjara ortida o‘tkazishdi. Qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan H.Aslonov afv tufayli yana oilasi bag‘riga qaytdi.
– Har bir inson jamiyat uchun mas’uldir, – deydi H.Aslonov. – Mana shu mas’uliyatni his qilgan holatda, kelajakda farzandlarimni, qolaversa, yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlab, ularni yetuk shaxs bo‘lib yetishishiga, jamiyatga foydasi tegadigan, insonlarga manfaati yetishi tarafdoriman. O‘zim ham shunga hissamni qo‘shishga harakat qilaman. Qilmishimdan juda pushaymonman. Bilmayin bosdim tikonni.
Zarif KOMILOV, O‘zA