Soʻxda endi “svet” oʻchmaydi
Fargʻona viloyati Soʻxda tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush tarzini yaratish maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Fargʻona viloyati Soʻxda tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush tarzini yaratish maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ishchi guruh vakillari tomonidan sektorlarda tashkil etilgan “Fuqaro qabulxonalari” hamda uyma uy yurish orqali aholi kamchilik va muammolari aniqlanib, ular bartaraf etilmoqda. Aholi muammolarini oʻrganish barobarida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ham tayyorlanmoqda. Tumanda tashkil etilgan tezkor shtab mutasaddilarining maʼlumotiga koʻra, elektr-energiyasi taʼminotini yaxshilash borasidagi ishlar qizgʻin tus olgan.
Darhaqiqat, tumanning barcha hududlarida elektr-energiyasi taʼminotida kamchilik va muammolar mavjud. Elektr koʻp oʻchmasada, lekin aksariyat mahalla va qishloqlarda elektr-energiya yetkazib beruvchi qurilma, asbob-uskunalar bugungi zamon talablariga javob bermaydi. Sal shamol koʻtarilsa yoki yogʻingarchilik boʻlsa, aholi soatlab “svetsiz” qolib ketadi. Endilikda barcha mavjud muammo va kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
Bugun tumanda elektr energiyasi taʼminoti bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish boʻyicha 82 nafar malakali mutaxassislardan iborat 13 ta brigada tashkil etilgan. Ular tumanning barcha hududlarida faoliyat olib borayotir. Tumanning Mulgon, Hazrati Ali, Oftobru, Chumoqcha, Zangat, Gʻaznov, Sharqobod, Qizilqiyoq, Chashma, Devayron, Hushyor, Sarikanda, Yangiariq va Lenbur mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida elektr taʼminotini yaxshilashga qaratilgan ishlar olib borildi.
Mazkur ishlarni amalga oshirish uchun 10 ta texnika va maxsus mashinalar jalb etilgan. Bugun qayd etilgan mahallalarda yangi kabel, ochiq simlar tortish, yangi transformatorlar oʻrnatish, eski simyogʻochlarni zamonaviy temir-beton tayanchlar bilan almashtirish, mavjud elektr taqsimlagich qurilmalarini taʼmirlash, elektr energiyasi taʼminotiga toʻsiq boʻladigan darxtlar shoxlarini tozalash ishlari olib borildi. Shu kungacha Xushyor, Saribozorcha, Mulgon, Ravon mahallalarida 8 000 metrdan ortiqroq masofaga yangi SIP kabellari tortildi. Chumoqcha, Zangat, Gʻaznov, Oftobru mahallalariga 2 000 metrga yaqin ochiq simlar tortildi.
– Hukumatimizga mingdan-ming rahmat. Bugun bizning mahallada haqiqiy bayram, katta tantana. Chunki bizning mahallaga yangi transformator oʻrnatildi, maxsus traktor – yamabur yordamida yangi temir-beton tayanchlari oʻrnatilmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, endi bizning mahallamizda umuman “svet” oʻchmaydi, – deydi Chumaqcha mahallasida yashovchi nuroniy otaxon Nabijon Saidov.
Tumanning boshqa hududlarida ham bu yoʻnalishda ishlar olib borilmoqda. Tadbir boshidan tuman hududida transformatorlarni taʼmirlash, shuningdek, yangi transformatorlar oʻrnatish ishlari ham jadallik bilan olib borilyapti. Jumladan, agar bugun Lenbur mahallasida 2 ta transformator taʼmirlangan boʻlsa, olib kelingan barcha 16 ta yangi transformatorlar – bittadan Sharqobod, Qizilqiyoq, Lenbur, Sebzor, Demursad, Zangat, Hushyor, Gʻaznov, Chashma mahallalariga, ikkkitadan Chumoqcha va Guliston mahallalariga yetkazib berildi. Oftobru mahallasiga 3 dona yangi transformator yetkazilib, oʻrnatib berildi.
Tumanda elektr energiyasi taʼminotiga gʻov boʻladigan asosiy toʻsiq bu daraxt shoxlarini elektr toki kabellari yoki ochiq simlariga xalaqit berishi hisoblanadi. Bugungi kungacha soha mutaxassislari tomonidan 90 kilometrga yaqin masofadagi daraxt shoxlari tozalandi.
Elektr energiyasi taʼminotidagi asosiy manba bu elektr taqsimlovchi podstansiyalardir. Tumanning elektr taʼminotidagi asosiy “yuragi” Devayron mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan. Podstansiyadagi asosiy elektr taqsimlovchi qurilma viloyatdan kelgan mutaxassislar tomonidan taʼmirlandi. Soha vakillarining asosiy maqsadi tuman ahliga elektr energiyasi taʼminotidagi kamchiliklarni bartaraf etish va hududdagi barcha vositalarni modernizatsiya qilishdan iborat.
Yana bir muhim jihati bugun Soʻx tumanida elektr-energiyasi sohasini modernizatsiya qilish barobarida yoshlarning bandligi ham taʼminlanmoqda. Soha mutaxassislariga yordamchi kuch sifatida shu kungacha tuman elektr tarmoqlari korxonasiga 51 nafar yoshlar ishga qabul qilindi. Bu ham albatta, aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini taʼminlashga qaratilgan eʼtibor samarasidir.