Siz uchun hayratomuzdir, ammo bu qoidalar asosli
NOODATIY QONUNLAR
Biror davlatga borganda uning qonunlarini bilmaslik u yerda noqulay vaziyatga tushish yoki jarimaga tortilishga sabab bo‘ladi. Davlatlarning shunday qonunlari ham borki, ular mantiqsiz tuyulib, kulgili va noodatiyligi bilan ajralib turadi. Bu nafaqat sayyohlarning, balki mahalliy aholini ham o‘z o‘rnida hayratga soladi. Ba’zan esa insonlar noroziligiga sabab bo‘ladi. Nailoj davlat qonunida. U yerning fuqarosimisiz yoki vaqtinchalikka kelgan sayyohmisiz, qonunlarga bo‘ysunishga majbursiz.
Quyida ana shunday ajoyib qonunlar haqida qisqacha bilib olasiz.
Kulgili va noodatiy qonunlari bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida AQSH yetakchilik qiladi. Xususan, Indiana shtatining alkogol mahsulotlari sotiladigan do‘konlarida gazli, yaxna ichimliklar sotish taqiqlanadi. Qiziq tomoni savdo peshtaxtasidagi ichimliklarning qanday haroratda bo‘lishi shtat ma’muriyati tomonidan tartibga solinadi.
Gavayi shtatiga kelgan sayyohlarning go‘zal tabiatiga bo‘lgan e’tiborini chalg‘itmaslik uchun ko‘chalarda reklama bannerlari osilishi taqiqlangan.
Illinoys shtatida kalamushlarni beyzbol tayog‘i bilan urish 1 000 dollar, Minnesota shtatida kirlangan balon shinali avtomobil bilan shaharda harakatlanish 2 000 dollar, Koloradoda itlarni o‘ldirganlik uchun 500 dollar jarima to‘lashga majbur qilinadi.

G‘arbiy Avstraliyada esa 50 kilogramdan ortiq kartoshkani saqlash, sotib olish yoki sotish jarima tortilishiga sabab bo‘ladi. Bu qonun mamlakatda Britaniya imperiyasiga qarshi olib borilgan oziq-ovqat urushi ta’sirida paydo bo‘lgan.
Bundan tashqari mamlakatning janubiy mintaqalarida nikoh to‘yi marosimini kimdir buzadigan bo‘lsa, unga 10 ming dollar jarima solinadi.
OZIQLANTIRASIZ VA JAZOLANASIZ
Angliyaning Saffolk grafligida chag‘alaylarga don bergan odam 3 ming dollarga yaqin jarima to‘laydi. Xuddi shunga o‘xshash cheklov Italiyada ham joriy etilgan bo‘lib, xususan, Avliyo Mark maydonida kabutarlarni oziqlantirish 600 yevro, Singapurda qushlarga don berish 1 000 dollar jarima to‘lanishiga sabab bo‘ladi. Qayd etish kerakki, aynan shu kabi cheklovlar dunyoning ko‘plab davlatlarida joriy etigan.
Angliyadagi ajabtovur qonunlardan biri ko‘chalarda gilamlarni tozalash soat 08:00 dan 18:00 gacha taqiqlanadi.
Mamlakat ko‘chalari tozaligi davlat nazoratida bo‘lgan Singapurda yo‘l-yo‘lakay tashlangan shirinlik qog‘ozi ham bee’tibor qolmaydi. Bu yerning qonunlaridan xabardor bo‘lmagan sayyoh yoki bepisand fuqaro 1 000 dollar jarima to‘lashga majbur.
QORDAN YASALGAN TO‘P TOSHGA TENGLASHTIRILDI
Bir necha yil avval Belgiya qonunchiligida qorbo‘ron o‘ynash qat’iyan taqiqlandi. Qordan yasalgan to‘p toshga tenglashtirildi. Ushbu qonunbuzarlik uchun 100 yevro jarima joriy etildi.
Kanadaning Suris shaharida esa 75 santimetrdan baland bo‘lgan qorbobo yasash, Petroliya shaharida hushtak chalish, baland ovozda baqirish jarimaga tortilishga sabab bo‘ladi.

Sayyohlar qatnovi ko‘p bo‘lgan Misrda aeroport yaqinida binokl ishlatish taqiqlangan. Bu holat qoidabuzarni josuslikda ayblanishiga asos bo‘ladi. Ushbu harakat uchun qoidabuzar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Shu o‘rinda alohida qayd etish kerakki, biror-bir davlatning xalq uchun chiqargan qonun-qoidalari boshqalarga noodatiy tuyulsada, xayratomuz bo‘lsada, har holda bunday qonunlar o‘sha millat va ellatlarning etnik kelib chiqishi, madaniy qadriyatlariga asoslangan bo‘ladi.
Zuhra MIRZABOEV, O‘zA