“Siyosatchi ayollar klubi” o‘z faoliyatini boshladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi qoshida tashkil qilingan “Siyosatchi ayollar klubi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari shahar, tuman Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi vakillari, partiya faxriylari, “Ayollar qanoti” faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumki, partiyada xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni boshqaruvda qarorlar qabul qilish jarayoniga keng jalb etish, siyosatchi ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida partiya qoshida ikkita tuzilma, ya’ni “Ayollar qanoti” hamda 2020 yilda “Deputat ayollar klubi” tashkil etilgan edi. O‘tgan davr mobaynida ushbu tuzilmalar tomonidan xotin-qizlar muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yashash va mehnat sharoitlarni yaxshilash, oilaga daxldor masalalarni hal etishning konstruktiv tizimini joriy etishga alohida urg‘u berildi.

Xotin-qizlarga daxldor bo‘lgan yuzga yaqin normativ-huquqiy hujjatga taklif berildi. Har bir deputat ayolga bir nafardan siyosiy faol yoshlar “Ustoz-shogird” an’anasi asosida jami 500 nafar talaba qiz biriktirildi hamda ular partiya zaxirasiga kiritildi.
Jumladan, partiya “Ayollar qanoti” va “Deputat ayollar klubi” a’zolari tomonidan o‘tgan davrda jami 1 ming 568 ta sayyor qabul o‘tkazildi. Ularga 5 ming 607 nafar aholi qamrab olindi. Aynan xotin-qizlarga taalluqli 1 ming 917 ta murojaat bo‘ldi. “Ustoz-shogird” an’anasini rivojlantirish, bandligi ta’minlanmagan xotin-qizlarni bepul kasb-hunarga o‘rgatishga qaratilgan “Xizmat-beminnat” “Ayollar qanoti”ning asosiy loyihalaridan sanaladi. Deputat ayollar bilan hamkorlikda jami 91 ta o‘quv kursi ochildi. Ularga jami 478 nafar bandligi ta’minlanmagan xotin-qiz qamrab olinib, kasb-hunarga bepul o‘qitildi, 102 nafari o‘z tadbirkorligini boshladi.

“Deputat bilan yuzma-yuz”loyihasi doirasida jami 2 ming 452 ta uchrashuv o‘tkazilib, ular tomonidan jami 202 ta deputat so‘rovi chiqarilgan bo‘lsa, “Uyma-uy” loyihasi doirasida 4 ming 234 ta xonadonga kirildi. 762 ta ehtiyojmand oila homiylarni jalb etish orqali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlandi. 41 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. 47 nafar ayolga bank kreditlari olishda ko‘mak berildi.
Partiya Markaziy kengashining 2025 yil 23 yanvardagi I Plenumida partiya quyi tuzilmalari takliflarini inobatga olgan holda tashkilot tashkiliy tuzilmasiga o‘zgartirish kiritilib, “Deputat ayollar klubi” faqat ayol deputatlarni birlashtirib qolmay, balki uning tarkibi va maqsad va vazifalari kengaytirilib, uning maqomi yangilandi hamda ushbu tuzilma “Siyosatchi ayollar klubi”ga o‘zgartirildi.
Klub endilikda nafaqat vakillik organlardagi ayol deputatlarni, balki faxriy va sobiq deputatlarni, siyosatga qiziquvchi barcha xotin-qizlarni qonun ijodkorligi jarayonlariga bevosita jalb etadigan tom ma’noda siyosatchi ayollarning mahorat maktabiga aylanadi.
Tadbirda deputat ayollar tomonidan fikr-mulohazalar bildirildi va kelgusida klub faoliyatini rivojlantirish borasida takliflar bildirildi. Bunda barcha darajadagi partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari miqyosida, tegishli hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yanada davom ettirish lozim ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri