Sirdaryoning turistik imkoniyatlari kengayadi
So‘nggi yillarda Sirdaryo viloyatida turizm sohasini iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridan biri sifatida rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Tabiiy, madaniy va infratuzilmaviy imkoniyatlardan samarali foydalangan holda hududning turistik jozibadorligini oshirish maqsadida qator yirik loyihalar amalga oshirilyapti.
Joriy yilning o‘zida viloyatda umumiy qiymati 11,3 million dollarga teng bo‘lgan 18 ta yangi turizm loyihasi amalga oshiriladi. Bu esa kamida 140 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga sabab bo‘ladi. Umumiy hisobda 65 million dollarlik investitsiya evaziga 50 dan ortiq turistik ob’ekt barpo qilinib, 250 dan ziyod ish o‘rni tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Sirdaryo tumanidagi Kamolot mahallasida 17 gektar maydonda zamonaviy infratuzilmaga ega “Sohil bo‘yi” ekoturizm majmuasi barpo etiladi. Shuningdek, Yangiyer shahrida tibbiy turizmga ixtisoslashgan 3 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu tashabbuslar sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va ichki hamda tashqi turizm salohiyatini yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari Shohrux Isoqulovning ma’lum qilishicha, “Janubiy Mirzacho‘l” kanali atrofida gastronomik va turistik markaz tashkil etiladi. Bu yerda milliy taomlar, mahalliy hunarmandchilik, madaniy dasturlar va dam olish maskanlari orqali sayyohlarga o‘ziga xos muhit yaratiladi.

Shu bilan birga, Guliston tumanidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosi bo‘yida 10,9 gektar maydonda zamonaviy “Turizm kompleksi” qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu majmuada mehmonxonalar, oilaviy dam olish uylari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va sport-sog‘lomlashtirish infratuzilmalari bunyod etiladi.


Bunday keng qamrovli ishlar Sirdaryoni nafaqat respublika, balki xalqaro miqyosda ham turistik maskan sifatida tanitish, aholi bandligini oshirish va hudud iqtisodiyotini yuksaltirishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri