Sirdaryolik sportchining g‘alabasi
Vengriyaning Seged shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Dunyoning yetakchi sportchilari ishtirok etayotgan ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi yana bir sovringa ega bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasida 200 metr masofaga kanoeda eshkak eshish bo‘yicha juftliklar bahsida hamyurtimiz Nilufar Zokirova hamda Sirdaryolik Shohsanam Sherzodovalar munosib ishtirok etishib, bronza medalini qo‘lga kiritishdi.

Shu tariqa, murakkab va kuchli raqobat bilan kechgan final bahsida O‘zbekiston juftligi Jahon kubogi bosqichida sovrindorlar qatoriga kirib, mamlakat sporti uchun yana bir muhim yutuqni qayd etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri