Sirdaryolik ayollar “Xonobod” sihatgohida dam olmoqda
“Sardoba” suv omborida yuz bergan suv toshqinidan jabr koʻrgan 196 nafar sirdaryolik xotin-qizlar va bolalar Andijondagi soʻlim “Xonobod” sihatgohida salomatliklarini tiklab, hordiq chiqarmoqda.
“Sardoba” suv omborida yuz bergan suv toshqinidan jabr koʻrgan 196 nafar sirdaryolik xotin-qizlar va bolalar Andijondagi soʻlim “Xonobod” sihatgohida salomatliklarini tiklab, hordiq chiqarmoqda.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bir necha kun avval Sirdaryo viloyatida boʻlib, toshqindan jabr koʻrgan Mirzaobod tumani Navbahor mahalla fuqarolar yigʻini aholisi bilan uchrashgan edi. Uchrashuvda viloyat hokimi 200 nafar navbahorlik ayollarni Andijon viloyatining Xonabod shahridagi soʻlim dam olish maskanida hordiq chiqarishga taklif qilgan edi. Taklifga asosan, Navbahor mahallasida yashovchi ayollar farzandlari bilan Andijonga kelib, “Xonobod” sihatgohida dam olib, salomatligini tiklamoqda.
Sihatgohda dam oluvchilar uchun barcha qulaylik va shart-sharoitlar yaratilgan. Karantin tartiblari doirasida ular gigiyenik vositalar bilan taʼminlangan boʻlib, salomatliklari doimiy ravishda shifokorlar nazoratida.
Dam olishga kelgan ayollarning maktab yoshidagi farzandlari uchun vaqtinchalik oromgohlar tashkil etildi. Oromgohda turli sport musobaqalari, koʻngilochar tadbirlar oʻtkazilmoqda. Maktabgacha talim yoshidagi bolajonlarga esa maxsus xonalar jihozlanib, mutaxassis va tarbiyachilar tomonidan oʻkuv-mashgʻulotlari oʻtkazishi yoʻlga qoʻyildi.


– Sirdaryolik mehmonlarning Xonobod shahri hayoti bilan yaqindan tanishishlari uchun sayohat tashkil etildi, – deydi Xonobod shahar hokimi oʻrinbosari, mahalla va oila boʻlimi boshligʻi Muxtasarxon Hoshimova. – Sayohat davomida ayollar “Lens tekst invest” korxonasida boʻlib, bu yerda ishlayotgan ayollar bilan suhbatda boʻldi, zamonaviy tikuvchilik dastgohlarda ish yuritish haqida keng maʼlumotlar olishdi.
Shuningdek, mehmonlar Xonobod shahrining qator mahallalarida boʻlib, xonobodliklarning turmush tarzi, ayniqsa, tomorqadan foydalanish borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdi. Xususan, tomorqaning har bir qarichidan unumli foydalanib, roʻzgʻor uchun zarur sabzavot va qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirayotgan xonadon sohibalarining tajribalarini oʻrgandi.
Sayohat soʻngida mehmonlar “Fozilmon ota” ziyoratgohida boʻldi. Tashkil etilgan sayohat sirdaryolik ayollar uchun unutilmas taassurotlarga boy boʻldi.
– Xonobod va xonobodliklar hayoti bilan tanishib, juda katta taassurotlar oldim, – deydi sirdaryolik Salomatxon Murodova. – Shahardagi bunyodkorlik ishlarini, odamlarning kayfiyatini koʻrib, qalbimdagi dardni, tashvishni biroz unutdim, hayotga, ertangi kunga boʻlgan ishonchim yana-da ortdi. Koʻrsatilgan eʼtibor, umuman, toshqin tufayli qiyin ahvolda qolgan insonlarga zarur yordamlarni berayotgan yurtboshimizga, bizni yolgʻizlatib qoʻymagan xalqimizga mingdan-ming rahmat. Ayniqsa, Andijon viloyati hokimining taklifi, tashabbusi bilan soʻlim sihatgohda dam olayotganligimizdan behad mamnunmiz. Mana shunday xayrli ishlarga bosh-qosh boʻlayotgan barcha insonlardan minnatdormiz.
Sirdaryolik dam oluvchilar uchun qator madaniy-koʻngilochar tadbirlar oʻtkazilishi belgilangan.