Sirdaryodagi eng yaxshi “Yosh kitobxon” aniqlandi
Guliston shahrida “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovining 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan kitobsevarlar o‘rtasidagi viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.
Ushbu tadbir Prezidentimizning 2018 yil 12 maydagi “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar agentligi tashabbusi va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda an’anaviy tarzda tashkil etib kelinmoqda.
Yoshlarning barcha qatlamlarini kitob o‘qishga da’vat etish, o‘qishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, joylarda adabiy muhit shakllanishiga erishish, o‘zlikni anglash, navqiron avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish maqsadida mamlakatimizda kitobxonlik tanlovlarini o‘tkazish an’anaga aylanib ulgurdi.
Tanlov avvalida Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi binosida tashkil etilgan o‘ziga xos badiiy kitoblar ko‘rgazmasi ko‘plab gulistonliklar va shahar mehmonlarining diqqat markazida bo‘lgani xalqimizning naqadar kitobsevar ekanligidan dalolat beradi.
Ko‘rik-tanlovning qur’a tashlash marosimidan so‘ng qatnashchilarining ota-onalari tomonidan “Yosh kitobxon” respublika ekspertlar komissiyasi tomonidan muhrlangan konvertlar ochilib, undagi ko‘rsatilgan shartlar bo‘yicha tadbirga start berildi.
– Kitob insonning qalb gavhari, tafakkur xazinasi bo‘lsa, kitob mutolaasi kitobxonning dunyoqarashini shakllantiradi, tafakkurini boyitadi, ma’naviyati, salohiyati, ma’rifatini yuksaltiradi, – deydi hakamlar hay’ati va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, jurnalist Hasan Abduvohidov. – Yurtimizda, ayniqsa, keyingi 4-5 yil davomida Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish, yosh avlodni kitob mutolaasiga ixtiyoriy ravishda undashdek, kelajak avlod uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi sa’y-harakatlar olib borilayotir. Tanlov eng yosh ishtirokichlar qalbida kitobga bo‘lgan muhabbat, tanlovga bo‘lgan mas’uliyat, g‘oliblikka bo‘lgan ishtiyoqni oshirdi.
Unda ishtirok etish uchun joriy yilda Sirdaryo viloyatidan 9 ming 626 nafar yosh kitobsevar murojaat qilib, saralash bosqichlaridan 3 ta yosh toifasi bo‘yicha jami 194 nafar ishtirokchi tanlovning tuman-shahar bosqichida qatnashdi va ularning 33 nafari viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Ishtirokchilarning har biri ushbu tanlovga nihoyatda puxta tayyorgarlik ko‘rganligi “Yosh kitobxon” respublika tanlovining Nizomida belgilangan shartlarni aniq va mukammal ijro etishlarida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Qiziqarli va uzoq davom etgan jarayonlardan so‘ng, nihoyat g‘oliblar aniqlandi.
Hakamlar hay’atining qaroriga ko‘ra 10-14 yosh toifasida Sirdaryo tumani 13-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Madina Sattarqulova eng ko‘p ball to‘plab, “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritdi va tanlovning final bosqichiga beriladigan yagona yo‘llanma sohibasiga aylandi.
– G‘olib bo‘lganimdan juda xusandman, lekin buni katta qiyinchilik bilan qo‘lga kiritdim, deb o‘ylayman, – deydi Madina Sattarqulova. – Barcha qatnashchilar tanlovga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rib kelganligi, tanlovning keskin va murosasiz, ammo shaffof va adolatli o‘tganiyoq fikrimning isbotidir.
Uyimizdagi kutubxonamizda mingga yaqin adabiyotlar bor. Men maktabga chiqmasimdan ota-onam o‘qish, yozish-chizishni o‘rgatgan, shu sabab 6 yoshga to‘lmayoq, mustaqil ravishda ertak kitoblarni o‘qir edim. Tanlovga tayyorgarlik jarayonida 300 ga yaqin badiiy kitoblarni mutolaa qilib, ularni o‘z dunyoqarashim bilan tahlil qildim va fikrlarim butunlay o‘zgarganiga guvoh bo‘ldim. Endi respublika bosqichiga ham puxta tayyorlanib, o‘z yosh toifamda viloyatimiz sharafini munosib himoya qilishga va’da beraman.
Ko‘rik-tanlov viloyat bosqichida 2-o‘rinni Sardoba tumanidagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Matluba Sobirjonova olgan bo‘lsa, 3-o‘rinni Mirzaobod tumanidagi ingliz tilini chuqur o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchisi Alimardon Boymirzayev egalladi.
Tanlovning g‘olib, sovrindor va turli nominatsiyalar sohiblariga tashkilotchilarning diplom, faxriy yorliq va “Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi”dan o‘rin olgan kitoblar jamlanmasi taqdim etildi.
A.Qayumov, F.Toshmatov(surat), O‘zA