Sirdaryodagi eng namunali yoqilg‘i quyish maskani
Mamlakatimiz viloyatlarida faoliyat yuritayotgan AGTKS, AGQS va AYOQSHlar hududida zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari qatorida asosiy faoliyat turidan tashqari, aholiga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, tez ovqatlanish maskanlari barpo etish, wi-fi zonalari tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘tgan 2021 yilda mazkur muassasalar faoliyati mutasaddi vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Ishchi guruh tomonidan o‘rganildi. Jumladan, har bir hududdagi 450 ga yaqin AGTKS, AGQS va AYOQSHlar ko‘zdan kechirildi. Ularning 186 tasida kamchiliklar aniqlangan bo‘lsa, 146 tasida tegishli Hukumat qarorlarida belgilangan talablar bajarilmaganligi sababli kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar faoliyatini qisqa muddatga to‘xtatish choralari ko‘rildi. Shuningdek, aholi va turistlarga qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish borasidagi faoliyatini namunaviy tarzda yo‘lga qo‘ygan AGTKS, AGQS va AYOQSHlar g‘olib deb topildi. Sirdaryo viloyati Yangiyer shahridagi “Yangi Metan Gaz» MCHJ – qaror talablari ijrosiga sidqidildan yondashgan “Eng yaxshi AGTKS” deb e’tirof etildi.

Yangiyer shahriga ijodiy safarimiz davomida mazkur yoqilg‘i quyish shaxobchasi faoliyati bilan tanishdik. Shaxobcha hududiga kirishingiz bilan bu yerda olib borilgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga kattagina mablag‘ va mehnat sarflanganini ko‘rasiz. Har xil turdagi yuzlab archa, pavloniya daraxtlari, tuvaklardagi rang-barang gullarni ko‘rib kayfiyatingiz ko‘tariladi.
–Ushbu shaxobchani 2019 yilda sotib olgan edik, – deydi korxona rahbari, yosh tadbirkor Kamronbek O‘ktamov. – To‘g‘risini aytsam, shaxobcha juda aftoda ahvolda edi. bugungi holatga keltirguncha ozmuncha mehnat qilmadik. Natijasini o‘zingiz ko‘rib turibsiz.

Shaxobcha faoliyati bilan tanishar ekanmiz, bejizga "Liderlar ichida lider"deb ta’riflanmaganligiga ishonch hosil qildik. Bu yerda inson manfaati har narsadan ustun shiori to‘liq mujassam. Shaxobchada 38 nafar yoshlar doimiy ish bilan band. Ishchilar mavsumiy kiyim bosh bilan to‘liq ta’minlangan. Ular uchun 26 o‘rinli shinam yotoqxona, dam olish xonasi, dush, basseyn, oshxona qo‘yingi hamma sharoit yaratilgan. Uch mahal issiq ovqat ishchilarning buyurtmasiga binoan tayyorlanadi. Asosiysi, ovqatlanish bepul. Shaxobchada mijozlar uchun ham barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan. Bu yerda sanoqli daqiqalarda bir yo‘la 12 ta avtoulovga xizmat ko‘rsatilar ekan. Shaxobchada 6 ta bepul Wl-fl nuqtasi mavjud bo‘lib, mijozlar navbati yetgunlariga qadar "zerikib" qolmaydi.

Mijozlardan biri aytganidek, tarmoqlarda dunyoni bir aylanib chiqishadi. Taqvodorlar uchun shinamgina namozxona ham mavjud. Haydovchilar sergakliklarini oshirish uchun shaxobchada bepul issiq qahva, shirinliklar tanavvul qilishlari mumkin. Ushbu shaxobchani Yangiyerlik bolajonlar ham yaxshi ko‘rishar ekan. Gap shundaki, bu yerda mo‘’jazgina bolalar o‘yin maydonchasi ham tashkil etilgan. Haydovchi otalar avtoulovlariga yonilg‘i to‘ldirgunlariga qadar ular bu yerda miriqib o‘ynashadi. Bu yerdagi do‘konlardan istagan narsangizni xarid qilishingiz mumkin. Hojatxonadagi sharoitlar ham juda zo‘r. Aholi, nogironlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Xizmatlari a’lo darajada va mutlaqo bepul.

Yangiyer shahridan qaytar ekanmiz, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovning “Bunday shaxobchalarni namuna va tajriba sifatida qolgan xududlarda ham tashkil qilsak maqsadga muvofiq bo‘lar edi” degan so‘zlari naqadar to‘g‘riligiga yana bir bor amin bo‘ldik.
Shuhrat Suyarov, O‘zA