Sirdaryoda sport sinovlariga start berildi
Sirdaryo viloyatida 30 yoshdan 70 yoshgacha va undan katta yoshdagi fuqarolar o‘rtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini qabul qilish jarayoniga ramziy start berildi. Loyiha aholini muntazam jismoniy faollikka jalb qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va turli avlod vakillari o‘rtasida sportni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Xovos tumani 1-sonli sport maktabida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida viloyatning turli mahallalarida istiqomat qilayotgan fuqarolar, mahalla tizimi xodimlari, xotin-qizlar va yoshlar ishtirok etdi. Ular dastlab ommaviy badantarbiya mashqlarida qatnashib, ruhiy va jismoniy tayyorgarligini namoyish etdilar. Keyin esa o‘z qobiliyatlarini turli sport sinovlarida sinab ko‘rdilar.

Tadbir ishtirokchilari va mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday sinovlar nafaqat jismoniy quvvatni oshiradi, balki aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarziga qiziqishni kuchaytiradi va turli avlodlarni sport atrofida birlashtirishga xizmat qiladi. Muntazam jismoniy mashqlar sog‘liqni mustahkamlash, faol hayot tarzini shakllantirish va hududlarda sport infratuzilmasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan muhim loyihadir, – deydi Sirdaryo viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov. – Uning asosiy maqsadi – har bir fuqaroni yoshidan qat’i nazar, jismoniy faollikka jalb qilish, ularda sportga qiziqish uyg‘otish va salomatlik uchun mas’uliyat hissini kuchaytirishdir. Bunday tadbirlar orqali sport nafaqat kuch va chidamlilik ramzi, balki jamiyat birdamligi va hamjihatligi omili sifatida ham namoyon bo‘ladi.


Sirdaryoda start olgan sport sinovlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida bosqichma-bosqich o‘tkazilib, keng aholini qamrab olishi ko‘zda tutilgan.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri