Sirdaryoda qurilish sohasi xodimlari kuni keng nishonlandi
Sirdaryo viloyatida Qurilish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan soha faxriylari, quruvchilar, muhandislar, me’morlar, loyihachilar va tizim mutaxassislari ishtirokida tantanali tadbir o‘tkazildi.
Guliston shahridagi «Dunyo” tantanalar majmuasida bo‘lib o‘tgan tadbirda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi tizimida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan faxriylar, bugun sohada faoliyat yuritayotgan xodimlar hamda mutasaddilar ishtirok etishdi va unda mamlakatimizda qurilish sohasini rivojlantirish, zamonaviy shaharsozlikni joriy etish, aholini munosib uy-joy bilan ta’minlash, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.
Qurilish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan davlatimiz rahbari yo‘llagan bayram tabrigida sohaning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rniga alohida e’tibor qaratilgan. Ta’kidlanganidek, bugun yurtimizda barpo etilayotgan zamonaviy shaharlar, yangi mahallalar, uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar va yirik infratuzilma inshootlarida quruvchilarning mehnati muhim ahamiyat kasb etmoqda.
So‘nggi to‘qqiz yilda mamlakatimizda 210 million kvadrat metrdan ziyod bino va inshootlar, jumladan, 647 mingta kvartiraga ega uy-joylar barpo etildi. O‘tgan yilning o‘zida 135 mingta kvartira foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, joriy yilda yana 140 mingta yangi kvartirani foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Sirdaryo viloyatida ham qurilish sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatda yangi ijtimoiy soha ob’ektlari, zamonaviy inshootlar va turar joy majmualari barpo etilib, shahar va tumanlar qiyofasi yangilanmoqda.
[gallery-30828]
Tadbirda Sirdaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Zokir Jumanov viloyatda sohani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida joriy yilda viloyatda 86 ta ob’ektda 671 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Yil yakuniga qadar 82 ta ob’ektni foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.
Hisobot davrida yildan-yilga o‘tuvchi 29 ta ob’ektning 27 tasi bo‘yicha moliyalashtirish ochilib, yangidan boshlanuvchi 57 ta ob’ektning 49 tasida qurilish-montaj ishlari boshlangan. Ayni paytda 22 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlarining bajarilish darajasi 91 foizni tashkil etmoqda. Dastur doirasidagi 6 ta ob’ekt foydalanishga qabul qilindi.
Aholini munosib uy-joy bilan ta’minlash borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. 2026-yil 24-fevraldagi “Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmon asosida joriy yilda viloyat hududlarida jami 3 ming 210 ta xonadonli uylar qurish rejalashtirilgan. Shundan 1 ming 600 tasi «Yangi O‘zbekiston» massivlarida, 1 ming 610 ta xonadon esa uy-joyga talab yuqori bo‘lgan hududlarda barpo etiladi.
Hisobot davrida 479 ta xonadonli 8 ta uy foydalanishga topshirildi. Joriy yilning birinchi yarmida Boyovut tumanidagi «Yangi O‘zbekiston» massivida 4 ta uy foydalanishga qabul qilindi.
Tadbirda sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, oldinda turgan vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Bunda yangi bunyod etilayotgan uy-joy va ijtimoiy ob’ektlarning zamonaviy talablarga javob berishi, qurilish sifati va xavfsizligini ta’minlash, ob’ektlarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish muhim vazifalar sifatida qayd etildi.
Bayram tadbirida soha faxriylari va ilg‘or xodimlarning mehnati alohida e’tirof etildi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda bosh boshqarmaning faxriy yorliq va tashakkurnomalari bilan bir guruh soha vakillari taqdirlanishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar quruvchilik xalqqa uy-joy, farzandlarga maktab, bemorlarga shifoxona, yurtga yo‘l va ko‘priklar bunyod etadigan sharafli kasb ekanini ta’kidlashdi.
Bayram tadbiri san’atkorlarning yurt va Vatanni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari bilan davom etdi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA