Sirdaryoda pedagoglar uchun muhim sinov boshlandi
Sirdaryo viloyatida maktabgacha va maktab ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning kasbiy bilimi va mahoratini baholashga qaratilgan malaka test sinovlari boshlandi. 28-oktabrdan 28-noyabrga qadar davom etadigan attestatsiyada viloyatdan 7 ming nafardan ortiq pedagog ishtirok etishi kutilmoqda.
Guliston shahridagi viloyat Pedagogik mahorat markazida tashkil etilgan sinovlar pedagoglarning kasbiy salohiyatini baholash, ularni o‘z ustida ishlashga rag‘batlantirish hamda ta’lim sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, attestatsiya ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda pedagoglarning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda esa pedagogik mahorati baholanadi. Dastlabki sinovlarda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari ishtirok etib, o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.
[gallery-32242]
— Attestatsiya jarayonida shaffoflik va xolislikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Test sinovlarining kompyuter orqali real vaqt rejimida o‘tkazilishi tashqi aralashuvlarning oldini olish, inson omilini kamaytirish va natijalarning xolisligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, sinovlarni internet orqali kuzatish imkoniyati ham yaratilgan, — deydi Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bosh metodisti Muzaffar Murodqulov.
Bugungi kunda Sirdaryo viloyatidagi umumta’lim maktablarida jami 14 015 nafar pedagog faoliyat yuritmoqda. Ularning 2 216 nafari oliy, 3 002 nafari birinchi, 3 192 nafari ikkinchi malaka toifasiga ega. Shuningdek, 4 613 nafar pedagog mutaxassis lavozimida faoliyat ko‘rsatsa, 992 nafari toifasiz, ya’ni o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlar hisoblanadi.
— So‘nggi besh yilda malaka toifalari dinamikasida ijobiy o‘zgarish kuzatilmoqda: yuqori malaka toifasiga ega o‘qituvchilar soni ortib, quyi toifali pedagoglar soni kamayib bormoqda. Bu esa o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirishga intilishi va malakasi ustida muntazam ishlayotganidan dalolat beradi, — deydi Muzaffar Murodqulov.
Viloyat bo‘yicha attestatsiyada ishtirok etish uchun 7 ming nafardan ortiq pedagog elektron shaklda ariza topshirgan. Ularning 450 nafari majburiy, qolganlari esa ixtiyoriy tartibda sinovlarda qatnashadi.
Baholash natijalari QR-kod bilan tasdiqlangan elektron shaklda pedagoglarning shaxsiy kabinetiga yuboriladi. Malaka toifasiga muvofiq ish haqiga kiritiladigan o‘zgarishlarni hisoblash uchun zarur ma’lumotlar UzASBO yoki boshqa moliyaviy hisob-kitob dasturlariga elektron tarzda uzatiladi.
Pedagoglarni attestatsiyaga tayyorlash va malaka toifasini berish jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida pedkadr.uzedu.uz elektron platformasi ham ishlab chiqilgan.
Attestatsiya pedagoglarning kasbiy bilim va mahoratini baholash bilan birga, ularni doimiy izlanishga, zamonaviy ta’lim talablariga moslashishga va malakasini oshirishga undaydi.
Zero, ta’lim sifati, avvalo, o‘qituvchining bilimi, mahorati va kasbiga mas’uliyat bilan yondashuviga bog‘liq. Malakali va tashabbuskor pedagoglar safini kengaytirish yosh avlodga sifatli ta’lim berish hamda sohadagi islohotlar samaradorligini oshirishga zamin yaratadi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA