Sirdaryoda Navro‘z tantanalari davom etmoqda
Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida Guliston shahridagi “Markaziy yurt bog‘i”, “Bilimdonlar maskani” hamda viloyat musiqali drama teatri hududida bugun erta tongdan bayram tadbiri hamda xalq sayllari tashkil etildi. Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Maxmudaliyev, viloyat sektorlari rahbarlari ishtirok etdi.
Dastlab mehmonlar ko‘klam nafasi ufurib turgan maydonda tashkil etilgan hududlarning o‘ziga xos jihatlarini namoyon etgan bayram dekoratsiyalari, milliy hunarmandchilik buyumlari, bahoriy taomlar ko‘rgazmasi, sportchi yoshlarning ko‘rgazmali chiqishlari, milliy o‘yinlar musobaqalarini tomosha qildi.
[gallery-11083]
Tantanali bayram tadbirining badiiy qismida so‘z olgan viloyat hokimi barchani sharqona yangi yil – Navro‘z bayrami bilan samimiy tabrikladi. Shuningdek, tadbir davomida futbol bo‘yicha U-20 Osiyo kubogi g‘olibi, chempionatning “Eng yaxshi futbolchisi” sirdaryolik Abbos Fayzullayevning ota-onasiga viloyatimiz ahli nomidan “Umra” safariga yo‘llanma berildi.
–"O‘ylaymizki, keyingi jahon chempionatlarida ham vatanimiz bayrog‘ini yuqori cho‘qqiga ko‘tarishda Abbosbekning hissasi katta bo‘ladi. Jamoatchilik kengashi bilan kelishib, 2023 yil aprel oyida Abbosbekning ota-onasini Umra safariga yuborish bo‘yicha qaror qabul qildik”, – dedi A.Mahmudaliyev.
Bayram tadbirida taniqli sa’atkorlar tomonidan dilrabo taronalar, ko‘ngilochar dasturlar, badiiy havaskorlik va folklor jamoalarining chiqishlari barchaga o‘zgacha kayfiyat, ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Viloyatning barcha hududlarida Navro‘zi olam tantanalari ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.
Sh.Suyarov,Sh. Ortiqboyev,(suratlar) O‘zA