Sirdaryoda mosh eksportga tayyor
Dukkakdoshlar oilasiga mansub mosh juda xaridorgir mahsulot. Moshni dunyoning bir qator davlatlari aholisi qatorida o‘zbekistonliklar ham sevib iste’mol qilishadi.
O‘tgan yili Sirdaryoda g‘alladan bo‘shagan 17 ming gektar maydonga takroriy ekin sifatida mosh ekilib, undan 23 ming tonnadan oshiq hosil yig‘ib-terib olinib, shundan 21 ming 300 tonnasi Xitoy, Afg‘oniston davlatlarga eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda esa g‘alladan bo‘shagan 28 ming gektar yerga ekilgan moshning "Qahrabo", "Navro‘z", "Durdona", "Zilola", "Marjon", "Turon" kabi hosildor navlaridan 37 ming tonna hosil olish kutilmoqda.

Bu agroklaster, fermer xo‘jaliklari uchun qo‘shimcha daromad manbai bo‘libgina qolmay, Sirdaryo viloyatning eksport salohiyati ortishiga, dehqon va fermerlarning daromadi oshishiga, bozorlarimizning to‘kin bo‘lishiga xizmat qiladi.
– Dalalarda pishib yetilgan, yig‘ib-terib olishga tayyor bo‘lgan ushbu mahsulotning eksportbopligini ta’minlash, hosilni turli zararkunandalardan himoya qilish ko‘p jihatdan O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi, uning joylardagi bo‘limlari davlat inspektorlari va ularning xizmatiga ham bog‘liq,– deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sarvar Sa’dullayev.–Tizim xodimlari urug‘ yerga tushgandan pishib yetilgunga qadar bo‘lgan jarayonlarda bevosita ishtirok etadi. Tuproq, o‘g‘it, yerga qadalayotgan, yig‘ib-terib olinayotgan mahsulotlar tarkibini tahlil qiladi, zararli organizmlar kirib kelishi va tarqalishiga qarshi kurashib, fitosanitariya tadbirlarini amalga oshiradi. Bu esa, o‘z navbatida, takroriy ekin sifatida ekilgan moshdan ko‘proq hosil olinishi imkonini bermoqda.

Ayni vaqtda g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin sifatida ekilgan mosh Sirdaryoda pishib yetildi. Dalalarda esa har qachongiga qaraganda ish qizg‘in, yig‘im-terim ishlari avjida.
Yig‘ib-terib olingan dastlabki mahsulotlar esa eksportga tayyor. Shu kunlarda moshii yangi bozorlarga chiqarish, eksportyorlarga yetkazib berish ustida ish olib borilyapti.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri