Sirdaryoda haftaning har juma kuni – maktab kuni
Sirdaryo viloyati viloyat hokimi G‘.Mirzaev hokimlik apparati yig‘ilishida “Eng yaxshi maktab”, “Eng yaxshi maktab direktori”, “Eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovini e’lon qildi.
Sirdaryo viloyati viloyat hokimi G‘.Mirzaev hokimlik apparati yig‘ilishida “Eng yaxshi maktab”, “Eng yaxshi maktab direktori”, “Eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovini e’lon qildi.
Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. Xabarda qayd etilishicha, yig‘ilishda viloyat hokimi G‘.Mirzaev Prezidentimiz raisligida joriy yilning 23 avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarga to‘xtalib, xalq ta’limi masalasi jiddiyligiga alohida e’tibor qaratgan.
– Bundan buyon maktab ishi – har bir rahbar uchun vijdon ishi bo‘lishi shart, – dedi viloyat hokimi G‘.Mirzaev. – Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, biz, ko‘p yillar maktabdan ancha uzoqda bo‘ldik. Endi bu o‘ta muhim dolzarb masalani har birimiz o‘z ish faoliyatimizning asosiy mezon birligi deb qaramog‘imiz shart. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy – Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir, deya ta’kidlagan edi. Bugun biz kelajak avlodimiz kamol topayotgan maktablarimizga ana shunday nazar bilan qarashimiz lozim.
Shuningdek, viloyat hokimi yig‘ilishda maktab ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada har bir rahbarning oldida turgan dolzarb vazifalar haqida ham atroflicha to‘xtaldi.
Darhaqiqat, jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularda jamiyat hayotini o‘zgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo ta’lim tizimidan, bog‘cha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganini ko‘ramiz. Chunki maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ta’lim va tarbiyaning asosi, poydevori bu – maktabdir.
Shuningdek, yig‘ilishda viloyatidagi maktablarning ta’lim-tarbiya salohiyatini yuksaltirish, faoliyat samaradorligini oshirish borasidagi yangicha yondashuvlar bo‘yicha ham mutasaddi rahbarlarga bir qator muhim topshiriqlar berildi. Haftaning har juma kuni viloyatda maktab kuni, deb belgilandi.