Sirdaryoda 2 qonunbuzilishining oldi olindi
2021 yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida Sirdaryo viloyati bojxona organlari tomonidan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Viloyat bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi hamda “Sirdaryo” chegara bojxona posti xodimlari hamkorlikda qo‘shni davlatdan O‘zbekistonga o‘tish maqsadida “Volvo” rusumli avtotransport vositasini boshqarib kirib kelgan fuqaro Manqabay Zangibayev (ismi-sharifi o‘zgartirildi) bilan og‘zaki savol-javob o‘tkazdi.

Shundan so‘ng, unga tegishli bo‘lgan yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, avtomashina yukxonasida yo‘l yuk kuzatuv xujjatlarida ko‘rsatilmagan fuqaro Xankeldi Jaksanbayevga tegishli, muqaddam foydalanishda bo‘lgan 148 dona, dastlabki qiymati 79 million 800 ming so‘mlik, har hil o‘lchamdagi yuk avtomashinasi diskalari borligi ma’lum bo‘ldi.
Boshqa bir holatda esa aynan “Sirdaryo” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan, post orqali O‘zbekistonga o‘tish maqsadida “Volvo” rusumli yuk avtotransport vositasini boshqarib kirib kelgan fuqaro Ruslen Serikbayev to‘xtalib, u bilan og‘zaki savol-javob o‘tkazildi.

Suhbatdan so‘ng transport vositasi xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘satilmagan, og‘zaki savol-javob vaqtida ma’lum qilinmagan, tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan, muqaddam foydalanishda bo‘lgan, “Kamaz” rusumli yuk avtotransport vositasiga tegishli, 8 xil turdagi jami 98 dona taxminiy qiymati 38 million so‘mlik avto-ehtiyot qismlari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Hozirda aniqlangan har 2 holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA