Sirdaryo Amudaryoga quyilganmi?
Sarlavhaga chiqarilgan bu savol baʼzilar uchun mantiqsizdek tuyulishi mumkin. Ajablanishga hojat yoʻq.
Sarlavhaga chiqarilgan bu savol baʼzilar uchun mantiqsizdek tuyulishi mumkin. Ajablanishga hojat yoʻq. Chunki bu — tarixiy fakt! Faqat oʻtmishdagi ana shu maʼlumotlardan koʻpchiligimiz bexabarmiz, xolos. Yoki ajdodlarimizdan Javhariyning dunyoda ilk bor qanot yasab uchganligini hamma ham eshitganmi? Oʻylashimcha, yoʻq!
Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi haqida soʻz ketgandayam, aksariyat hollarda shunday vaziyatga tushib qolamiz. Negaki, yaqin-yaqingacha bu boradagi manbalar chuqur oʻrganilmagan edi. Bahsli holatlar, chalkashliklar serob edi.
Xoʻsh, aslida oʻzbek xalqining, millatimizning paydo boʻlish tarixi qanday? Milliy davlatchiligimiz-chi? Qachon va qaysi hududlarda vujudga kelgan? Ularga kimlar va qachon asos solgan? Oʻzi, umuman, biz oʻzbeklar qanday xalqmiz?
Yuqorida keltirilgan qiziqarli faktlar va ana shu savollar javobini taniqli adib, dramaturg, publitsist Abduqahhor Ibrohimovning“ Bizkim, oʻzbeklar” kitobidan topasiz.
Albatta, tarixni gavdalantirish — nihoyatda murakkab va mashaqqatli ish. Bunda, eng avvalo, bir ulugʻ mezon ustuvor. Yaʼni haqqoniy talqin!
“Bizkim, oʻzbeklar” kitobi ana shu jihati bilan ham qadrli. U muallifning 40 yillik izlanishlari mahsuli. Asarda xalqimizning eng ibtidoiy qadamlaridan to mustaqillik yillaridagi yangi tariximizgacha qamrab olingan.
Oʻtmish haqida fakt va maʼlumotlar, xronologiyalar jamlangan solnomalar aslida keng omma tomonidan maroq bilan oʻqilmasligi maʼlum. Bu kitob esa mutlaqo boshqacha. U ilm bilan qoniqtirib sugʻorilgan badiiy-tarixiy asarlar sirasiga kiradi. Shu bois, yaqinda ushbu kitob “Sharq” matbaa-atsiyadorlik kompaniyasi tomonidan toʻrtinchi bor nashr qilinib, hurmatli kitobxonlarimizga taqdim etildi.
Tarixni soxtalashtirish — chirkin siyosat. Sovet mafkurasi ayni shunday xato yoʻldan bordi. Oqibatda oʻzligimizdan birmuncha uzoqlashdik. Kitobda muallif davlatning kelib chiqishi, davlatning mazmun-mohiyati haqida sobiq tuzum davrida berilgan tushunchalarning soxta va asossiz ekanligini tushuntirib bera olgan.
Qisqa qilib aytsak, “Bizkim, oʻzbeklar”oʻzbek xalqim toʻgʻrisidagi ilmiy-ommabop, badiiy-siyosiy asardir. Uni oʻqib, oʻzligimizni yana-da teranroq anglashimiz, shubhasiz.