"Sinquefield Cup 2026": Karuana bilan durang o‘ynagan Sindorov bugun Keymer bilan bahs olib boradi
Bugun, 17-avgust kuni AQSHning Sent-Luis shahrida 10 nafar mahoratli shaxmatchilar ishtirokida davom etayotgan “Sinquefield Cup 2026” turnirining 7-turida Javohir Sindorov qora donalarda germaniyalik Vinsent Keymer bilan kuch sinashadi.
“Grand Chess Tour” seriyasining hal qiluvchi bosqichi hisoblangan mazkur musobaqaning ortda qolgan 6-tur bahsida Sindorov oq donalarda amerikalik Fabiano Karuanaga qarshi bahs olib bordi. Teng kurashlar ostida o‘tgan o‘yinda tomonlar murosa yo‘lini tanlashi natijasida Javohirning turnirdagi duranglari soni 5 taga yetishiga olib keldi.

Yettinchi tur ostonasida turnir jadvalini 4 ochko jamg‘argan amerikalik Uesli So boshqarib turibdi. Fabiano Karuana, Vinsent Keymer, Rameshbabu Praggnanandha va Maksim Vashe-Lagrav 3,5 ochko bilan kuchli beshlikda harakatlanmoqda. Levon Aronyan, Sem Sevyan hisobida 3 ochko mavjud. Javohir Sindorov 2,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 8-o‘rinni band etgan. Keyingi qatorlardan joy olgan Anish Giri hisobida 2,5 ochko, Jorden van Forestda esa 1 ochko bor.

Eslatib o‘tamiz, 9 ta turdan iborat ushbu musobaqada g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 100 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi. O‘z navbatida, 2-o‘rin sohibi 65 ming, 3-o‘rin 50 ming, 4-o‘rin 35 ming, 5-o‘rin 25 ming, 6-o‘rin 20 ming, 7-o‘rin 18 ming, 8-o‘rin 15 ming, 9-o‘rin 12 ming hamda 10-o‘rin 10 ming AQSH dollari sohibiga aylanishi bilan birga “Grand Chess Tour” finali uchun kerakli reyting ochkolarni jamg‘arishga muvaffaq bo‘ladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA