SINOVLI KUNLARDA XALQ BILAN BIRGA
Pandemiya koʻplab fuqarolarni uyda oʻtirishga majburlab qoʻydi.
Pandemiya koʻplab fuqarolarni uyda oʻtirishga majburlab qoʻydi. Bu ofat tufayli ayrim tashkilotlarning ish faoliyati vaqtincha toʻxtatildi. Shunga qaramay, Davlat xizmatlari agentligi oʻzining faoliyatini davom ettirmoqda.
Karantin sabab, aholi tomonidan qilinayotgan murojaatlar onlayn tarzda hal etilmoqda. Aksariyat fuqarolar esa, markazga kelgan holda xizmatlardan foydalanmoqda.
Shunday vaziyatda markazga kelgan har bir fuqaroni ochiq yuz bilan kutib olib, ularga tez va sifatli davlat xizmatini koʻrsatish zarur. Bunda esa, yorugʻ va shinam, zamonaviy markaz binosi boʻlishi lozim.
Chust tuman davlat xizmatlari markazi aslida Navruz bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan edi. Biroq, dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan koronavirus infeksyasi sabab ochilish tadbiri kechiktirilgandi.
Eski binoning holati fuqarolarga noqulayliklar tugʻdirayotgani sabab karantin davrida tez va sifatli xizmat olishlariga koʻmaklashish maqsadida yangi binoga koʻchib oʻtildi va aholiga sanitariya gigiyena talablariga qatʼiy rioya qilgan holda xizmat koʻrsatib kelinmoqda.
Chust tumanining qoq markazida joylashgan markazda aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun barcha qulayliklar mavjud. Mazkur binoda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi, Bosh vazir qabulxonasi, investorlarga xizmat koʻrsatish uchun maxsus joy hozirlangan.
Shuningdek, fuqarolarga bepul huquqiy maslahat berish burchagi, kutish zali, bolalar maydonchasi, kafe, kutubxona, tibbiyot xonasi,
E-auksion xonasi hamda FHDYO boʻlimi inspektori uchun xona mavjud.
Foziljon JOʻRABOYEV.
Davlat xizmatlari agentligi Namangan
viloyati boshqarmasi axborot xizmati rahbari.