Sifatsiz va qalbaki sertifikatli yong‘in o‘chirgichlar savdosi fosh etildi
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Surxondaryo viloyati bo‘limi tomonidan Termiz shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida sifatsiz hamda qalbaki hujjatlar asosida sotilayotgan ko‘chma yong‘in o‘chirgichlar aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, Termiz shahridagi YATT "N.A.R" savdo nuqtasida realizatsiya qilinayotgan ko‘chma yong‘in o‘chirgich mahsulotidan nazorat xaridi amalga oshirilgan.
Mahsulot akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasida tekshirilganda uning sifatsiz va foydalanishga yaroqsiz ekani ma’lum bo‘ldi. O‘tkazilgan sinovlar natijasida mahsulotning O‘z MSt 631:2025 standarti talablariga javob bermasligi aniqlangan.
O‘rganishlar davomida yong‘in o‘chirgichlarda bir qator jiddiy kamchiliklar aniqlangan. Jumladan, mahsulot og‘irligi belgilangan me’yorlarga mos kelmasligi, kallak va boshqaruv mexanizmlarining mustahkam emasligi, o‘t o‘chiruvchi moddaning uzatish davomiyligi talab darajasida emasligi, uni vaqtincha to‘xtatib qayta ishga tushirish imkoniyati mavjud emasligi, oqim uzunligi me’yorlarga javob bermasligi hamda zaryadning qoldiq miqdori ruxsat etilgan ko‘rsatkichdan yuqori ekani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, tekshiruv davomida mazkur mahsulotlar qalbaki muvofiqlik sertifikati asosida savdoga chiqarilgani ham fosh etilgan.
Mazkur holat yuzasidan savdo nuqtasiga nisbatan amaldagi qonunchilik talablari asosida tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Hamroz Bayonov, O‘zA