Sifatli xizmat koʻrsatish dolzarb masala
Termizda mehmonxona va uy mehmonxonalar, turoperatorlar hamda gid-tarjimonlar uchun sayyohlarga xizmatlar koʻrsatish turini koʻpaytirib, sifatini oshirishga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi.
Termizda mehmonxona va uy mehmonxonalar, turoperatorlar hamda gid-tarjimonlar uchun sayyohlarga xizmatlar koʻrsatish turini koʻpaytirib, sifatini oshirishga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda soʻnggi yillarda sohaga qaratilayotgan eʼtibor tufayli turizm mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biriga aylangani alohida taʼkidlandi. Prezidentimizning Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga yoʻllagan Murojaatnomasida ham yurtimizning turistik imkoniyatlaridan yana-da kengroq foydalanishning muhim yoʻllari belgilab berilgani qayd etildi.
Bu jarayonda Surxondaryo viloyati ham olis oʻtmishdan soʻylaydigan tarixiy obidalari, arxeologik yodgorliklari, betakror manzaralarga boy togʻu dashtlari, shifobaxsh suvlari bilan mahalliy va xorijlik mehmonlarni maftun etadigan, sayyohlarga oʻzgacha zavqu shavq ulashadigan betakror goʻshaga aylanmoqda. Jumladan, 2016-yil viloyatga dunyoning 64 davlatidan 7 ming 300 dan ortiq, 2017-yil 67 mamlakatdan toʻqqiz mingdan ziyod sayyoh kelgan boʻlsa, oʻtgan yili vohada 114 xorijiy davlatdan 120 mingga yaqin sayyoh mehmon boʻldi. Bu 2018-yilga nisbatan 3,7 baravarga koʻp. Mahalliy sayyohlar soni oʻn baravarga oshib, qariyb 502 ming nafarni tashkil etdi.
Boy sayyohlik salohiyatga ega viloyatning turizm sohasini yana-da rivojlantirish uchun oʻtgan yili mahalliy va xorijiy tashabbuskorlar tomonidan 2 milliard 200 million soʻm oʻz mablagʻlari va 1 milliard 900 million soʻm bank kreditlari oʻzlashtirilib, 12 loyiha amalga oshirildi. 144 yangi ish oʻrni yaratildi. Xususan, 579 oʻringa ega 13 mehmonxona foydalanishga topshirilib, mehmonxonalar 46 taga, ulardagi oʻrinlar soni qariyb 2000 taga yetkazildi. 571 mehmonni qabul qilish quvvatiga ega 66 oilaviy mehmon uylari yaratilib, ularning soni 65 tani, oʻrinlar 580 tani tashkil etdi. Xorijlik va mahalliy sayyohlarga 28 turoperator, 5 nafar gid-tarjimon xizmat koʻrsatdi.
Turistlar 572 oʻrinli 24 turistik sinfga mansub 6 mikroavtobus, 16 avtobus va 2 elektromobil xizmatidan foydalandi.
Seminarda mehmonxonalarda sayyohlarga xizmatlar koʻrsatish sifatini yana-da yaxshilash, xizmatlar koʻrsatishga xorijiy tillarni biladigan xodimlarni ishga jalb etish, ularning malakasini oshirish, boshqa viloyatlardagi mehmonxonalar xodimlari bilan oʻzaro tajriba almashishi uchun qulay imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy tarmoqlarda mehmonxonalarda yaratilgan sharoitlar, qulayliklarni keng targʻib qilish, turoperatorlar bilimi va koʻnikmasini mustahkamlash yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Seminarda ishtirokchilar muammolari oʻrganilib, ularni hal etish yuzasidan zarur choralar belgilandi. Ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.