Sifatli ta’lim – malakali mutaxassis tayyorlashning muhim omili
Ma’lumki, sog‘lom, bilimli, madaniyatli yoshlar mamlakat taraqqiyoti va kelajagini belgilab beruvchi hamda jamiyatda ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda harakatlantiruvchi kuchdir. O‘z navbatida o‘sib kelayotgan avlodni har tomonlama yetuk va barkamol shaxs etib tarbiyalash esa ta’lim sohasida olib borilayotgan bugungi islohotlarning natijasiga bog‘liqdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘nggi yillarda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarda yoshlarga sifatli ta’lim-tarbiya berish, fanlar bo‘yicha bilimlarni to‘liq o‘zlashtirish, chet tillarni o‘rgatish, musiqaga oshno etish masalalari alohida ustuvorlik kasb etmoqda. Davlat rahbari tomonidan 2020 yil 23 sentyabrda «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi esa ushbu sohasidagi islohotlarni huquqiy jihatdan mustahkamlab, barcha fuqarolarimizning butun umri davomida bilim olishga bo‘lgan huquqini amalda ta’minlanishiga xizmat qilmoqda desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Lekin, ming afsuski yaqin tariximizda oliyjanob va sharafli kasb egalari bo‘lgan o‘qituvchilarni o‘z vazifasiga kirmaydigan boshqa ishlarga jalb qilingani, o‘z ustida ishlashga yetarli imkoniyat yaratib berilmagani va ularning jamiyatdagi obro‘-e’tiboriga bo‘lgan salbiy munosabat natijasida butun bir avlodga yetarli bilim ham bera olmadik, kasb-hunar ham o‘rgata olmadik.
O‘zbekiston aholisini yillar davomida o‘sib borishi kuzatilgan bo‘lsa-da, maktabgacha ta’limga yetarli e’tibor berilmagani, o‘z vaqtida maktablar qurilishiga mablag‘ ajratilmagani, yoshlarga kasb-hunar o‘rgatamiz deb ularning tarbiyasida ko‘p narsa boy berilgani va eng asosiysi, oliy ta’limni defitsit ta’lim turiga aylantirilib, korrupsiyaga sharoit yaratib berilgani iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalardagi malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondira olish imkoniyatini pasayishiga olib keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida ta’lim tizimi, xususan Oliy ta’limdagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yoshlarni oliy ta’limga qamrab olish ko‘rsatkichini oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash va uning barcha jarayonlarini bozor ehtiyojlaridan kelib chiqib tashkil etish, tizimda ilmiy salohiyatni ko‘tarish, qog‘ozbozlikni kamaytirish, oliy ta’lim muassasalariga akademik va tashkiliy-boshqaruv bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolatini berish hamda ta’lim yo‘nalishlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish bilan bog‘liq masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Aholini ish bilan ta’minlash masalasi dolzarb bo‘lib turgan bir vaqtda ichki mehnat bozorining xizmat ko‘rsatish sohasidagi 40 000, sanoatdagi 38 000, qurilishdagi 12 000, qishloq xo‘jaligidagi 10 000, Aloqa va axborot texnologiyalari sohasidagi 4000 ta oliy ma’lumot talab etiladigan ish o‘rni bilan bog‘liq ehtiyoji qondirilmagani ma’lum qilindi.
Haqiqatan ham, yuqoridagi raqamlar ortidagi kasb egalariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish oliy ta’lim sohasi mutasaddilarining bozor iqtisodiyotining «oltin» qoidasi, ya’ni talabni o‘rganib taklif tayyorlash masalasiga e’tibor berilmaganligi bilan izohlash mumkin. Bu fikrni bugungi kunda oliy ta’lim muassasalaridagi 815 ta ta’lim yo‘nalishing 55 foizi mehnat bozori talablariga javob bermasligi tasdiqlashi mumkin.
Yig‘ilishda barcha yoshlarni va ota-onalarni quvontirgan masala – mazkur yilda oliy ta’lim muassasalarida o‘qish istagi bo‘lgan yoshlar soni 1 million 500 ming nafardan ortiq bo‘lishi kutilayotgani e’tiborga olinib, 2021 yilda oliy ta’limga qabul kvotasi soni 2020 yilga nisbatan 13 foizga oshirilib, 181 000 taga yetkazilishi ma’lum qilindi. Bu o‘z navbatida oliy o‘quv yurtlari olib boriladigan ta’lim-tarbiya sifatini yaxshilash, o‘qitilayotgan fanlarni mazmunan qayta ko‘rib chiqib, ortiqcha takrorlanishlarni qisqartirish, bo‘shagan dars soatlari o‘rniga mutaxassislik fanlarni ko‘paytirish, talabalarga mustaqil ilmiy izlanish uchun imkoniyat yaratish hamda professor-o‘qituvchilar ilmiy salohiyatini ko‘tarish vazifasi bo‘yicha bugundanoq tizimli ishlarni amalga oshirish vazifasini qo‘ymoqda.
Oliy o‘quv yurtlarida ilmiy-tadqiqot ishlariga yoshlarni keng jalb qilishga e’tibor qaratish va ilmiy salohiyatni ko‘tarish uchun kelgusi yildan doktoranturaga kvotalar sonini 2 baravar ko‘paytirish, keyingi yillardan har yili 50 foizga oshirib borilishi va buning uchun har yili byudjetdan 100 milliard so‘m ajratilishi hamda har bir tarmoq o‘z sohasiga tegishli oliygohlarga doktorantlar kvotalari uchun yana 10 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishi belgilanishi rivojlanishning asosiy kaliti ilmda ekanligining e’tirofidir.
Pedagog sifatida meni quvontirgan yana bir holat bu – ta’lim sifatini yaxshilash, bu borada xorijiy tajribadan keng foydalanish va ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini ta’minlash maqsadida xorijiy davlatlardan o‘quv va ilmiy adabiyotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish, oliy ta’lim muassasalari fondidagi 4 millionga yaqin adabiyotlarni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish hamda barcha kutubxonalarni yagona tizimga birlashtirib, talaba va tadqiqotchilarni istagan vaqtda kerakli adabiyotlardan foydalanish imkoniyatini yaratilayotganligidadir.
Davlat rahbari tomonidan yoshlarni oliy ta’lim muassasasiga qabul qilingach, ularni va ota-onalarning oldidagi eng og‘riqli masalalardan biri bu – yashash joyi bilan bog‘liq muammoli masalaga yana bir e’tibor qaratishi hamda bugungi kunda 149 000 ta turar joyga bo‘lgan ehtiyojni faqatgina tadbirkorlar bilan xususiy sheriklik orqali qisqa fursatda yechish mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgani e’tiborga molik.
Yirik shaharlar, xususan, Toshkent shahrida xususiy tadbirkorlarga tegishli imtiyozlar berish orqali oliy ta’lim muassasalariga yaqin hududlarda, ya’ni 1,5 kilometrgacha bo‘lgan masofada turar joylarni bunyod etilishi va xarajatlarning 50 foizi byudjetdan qoplanishi ma’lum qilindi. Bu birinchidan, talablarni azaliy muammolaridan birining o‘z yechimini topishini ta’minlaydi va ularni ijtimoiy himoyasini mustahkamlashga hissa qo‘shadi, ikkinchidan, yangi ish o‘rinlari yaratilishini ta’minlaydi, uchinchidan, talabalarni oliy ta’lim muassasasiga qatnashdagi transport muammosining oldini oladi, to‘rtinchidan esa, universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan talabalar bilan olib boriladigan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish imkonini beradi.
Abdumalik AKRAMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi