Sifatli oliy taʼlim – taraqqiyot garovi (+video)
Oʻzbekistonda 2030-yilgacha yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olishni 50 foizgacha oshirish rejalashtirilgan. Yangi qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolar davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy maʼlumot olishga haqli, shuningdek, oliy taʼlim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqiga ega ekanligi alohida belgilab qoʻyildi.
Taʼkidlash lozimki, oliy taʼlim muassasalarining akademik va moliyaviy mustaqilligini taʼminlash oliy taʼlim sifatini oshirish va sogʻlom raqobat muhitini yaratishga imkon beradi. Sababi, taʼlim sohasi jamiyatda muhokama qilinadigan eng dolzarb masalalardan biridir. Bu soha, shubhasiz, jamiyat va davlat farovonligining asosi hisoblanadi.
– Oliy taʼlimda moliyaviy va akademik mustaqillikning afzalliklari nihoyatda koʻp. Bu jarayon oliy taʼlim muassasalariga bir qator yengilliklar yaratib berish bilan birga, professor-oʻqituvchilar va talabalarga ham katta qulaylik olib kelishi, OTM rahbariyati tomonidan taʼlimni optimallashtirish orqali sifat darajasini oshirish, oʻqituvchi va talabalardan oʻquv yuklamasini kamaytirish orqali fanlarni yaxshi oʻzlashtirishga yoʻl ochib beradi, – deydi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti tayanch doktoranti Dilmurod Akbarov. – Ilm-fan, texnika shiddat bilan rivojlanmoqda. Shunday ekan, jahon maydonida oʻz oʻrnimizni topishimiz bugun tayyorlayotgan mutaxassislar ilmu salohiyati va tajribasiga koʻp jihatdan bogʻliq.
Darhaqiqat, har bir mamlakat taraqqiyoti, uning gullab-yashnashi, eng avvalo, jamiyatda ilm-fanning rivojiga bevosita bogʻliq. Yangi gʻoyalar, ilmiy kashfiyotlar, innovatsion tashabbuslar va noanʼaviy yondashuvlar davr talabi hisoblanadi. Fan yutuqlari nafaqat ijtimoiy hayotimizni, balki butun sivilizatsiya taqdirini belgilab beradi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/ZNHCMF3E7Og" title="Sifatli oliy ta’lim – taraqqiyot garovi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>O‘tkir Alimov, Abror Sodiqov (video), O‘zA