Shumanayda zamonaviy MTT binosi barpo etilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumani “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 4-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti negizida bugungi kunda yangi, zamonaviy va barcha zarur sharoitlarga ega bino qurilishi ishlari olib borilmoqda.
Qurilish jarayonining belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi mutasaddilari tomonidan qurilish ishlarining borishi muntazam o‘rganilib, nazorat qilib borilmoqda.

Loyiha doirasida qurilish ishlarini amalga oshirish uchun 7 milliard 948 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Yangi binoda 140 nafar bolajonning ta’lim-tarbiya olishi uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratiladi.

Yangi maktabgacha ta’lim tashkilotini zamonaviy talablar asosida jihozlash va obodonlashtirish ishlarini yil yakuniga qadar to‘liq yakunlab, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Zero, bolalar uchun yaratilayotgan har bir qulaylik kelajakka qo‘yilayotgan muhim qadamdir.
Ushbu ezgu tashabbus hudud infratuzilmasini yanada rivojlantirish bilan birga yosh avlodning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun munosib sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri