Shukronalik – benazir neʼmat!
Biroq karantin davrida hukumat, hokimlik, mahalla faqat meni boqishi kerak deb oʻylaydigan toʻrt muchasi sogʻ “kambagʻallarimiz” ham harakatga tushib qolgani ham bor gap.
Davr nafasi
El boshiga sinov tushganda kimning kimligi yaqqol bilinadi, deya bejiz aytilmagan ekan. Shukurki, aksariyat hamyurtlarimiz hozirgi koronavirus pandemiyasi davrida davlatimiz tomonidan ahvolni yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlab, ular toʻla-toʻkis amalga oshishi yoʻlida fidoyilik koʻrsatishyapti.
Biroq karantin davrida hukumat, hokimlik, mahalla faqat meni boqishi kerak deb oʻylaydigan toʻrt muchasi sogʻ “kambagʻallarimiz” ham harakatga tushib qolgani ham bor gap. Buni koʻrish uchun davlat va homiylar tomonidan bepul tarqatilayotgan oziq-ovqatlarni va boshqa mahsulotlarni talab qilayotganlarga qarash kifoya. Bunday ahvolga chek qoʻyish uchun oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni olayotganlar roʻyxatini qatʼiy yuritish lozim. Ketma-ket shunday yordam olayotgan toʻrt muchasi sogʻ “kambagʻallar”ni aniqlab, ularni majburiy ishlarga jalb etish kerak. Oʻshanda ular bir kilo unga yetadigan pulni ham ishlab topish qiyin ekanligini tushunishadi. Shunday qilinsa, toʻrt muchasi sogʻ yeb yotar “kambagʻallar” kamayadi va koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrliklar nogironlar, koʻchaga chiqa olmay qolgan keksalarimizga yetib boradi.
Sinov davri barchamizning hamjihatlikda, bir-birimizni qoʻllab-quvvatlab harakat qilishimizni talab qiladi. Afsuski, besh barmogʻimiz baravar emas. Poytaxtimizda mashinalar harakatiga cheklov qoʻyilishidan bir kun oldin peshinda bozorga kirdim. Bozordagi kartoshka, piyoz, sabzi rastalaridagi peshtaxtalar boʻm-boʻsh. Faqat yuk mashinalarida kartoshka sotiladigan joylarda navbat turnaqator. Bozordan chiqayotganimda bir kishi soʻradi: “Nima xarid qildingiz?” “Hech narsa, ertaga olarman”, – dedim.
Kechqurun internet saytlarini kuzatdim va bir ayol nidosiga quloq tutdim: “Sizlarning oshqozondan boshqa aʼzolaringiz ham ishlaydimi? Boshni nega koʻtarib yuribsizlar? Erta-indin yangi kartoshka chiqadi, qaysi aql bilan qoplab kartoshka oldilaring?..” Afsuski, hamma shunday fikrlay olmadi. Shukurki, ertasi kuni bozorda “Kim oladi kartoshkani-yo” qoʻshigʻi yangradi.
Karantinning dastlabki kunlaridan davlat va saxovatpeshalarimiz tomonidan ijtimoiy ahvoli ogʻir kishilarga bepul birlamchi oziq-ovqatlar tarqatish yoʻlga qoʻyildi. Bunday keng koʻlamli saxovat ortida katta mablagʻ borligini bilgan bildi, bilmaganlar bilmasvoyligicha qolishdi. Teleekranda bir ayolning koʻchada xaltadagi oziq-ovqat mahsulotlarini bir-bir olib noliyotganini koʻrsatishdi: “Qancha navbatda turdim, bergan narsalarini qarang. Bir kilo goʻsht, bir litr yogʻ, bir kilo guruch, bir kilo shakar, bir kilo un... Bu bizday kambagʻallar ustidan kulish emasmi?”
Haqli savol tugʻiladi: “Oʻz oilasining rizqidan qiyib senga shu narsalarni bergan saxovatpeshaga rahmating shumi? Sen saxovatpeshaning bir otar qoʻy va bir poda molni haydab kelib, xohlasangiz qoʻyni, xohlasangiz molni soʻyib yeng, deyishini kutganmiding? Yo yogʻ zavodining kalitini berib, xohlasangiz chelaklab, xohlasangiz bochkalab oling, deyishi kerakmidi? Yo guruch, shakar, un yuklangan vagonlarni sudrab kelib, xohlasangiz qoplab oling, xohlasangiz vagoni bilan deb aytsa, koʻcha oʻrtasida nolimasmiding?” Yana qadimiy hikmat esga tushadi: “Koʻzi och, nafsi bir quloch kimsani toʻydirib boʻlmaydi.
Holbuki, ming yildan buyon zamin uzra hukamo Abu Zayd hikoyati yangrayapti: “Balxlik yigit menga: “Oʻzlaringizning zuhd-taqvolaringiz haqida gapirib bergin”, degan edi, men aytdim: “Topsak yeymiz, topmasak sabr qilamiz”. Shunda u dedi: “Bizda Balxning itlari shunday qiladi, biz esa topmasak sabr qilamiz, topsak oʻzimizdan muhtojroqlarga beramiz”. Oʻsha ayol “Bu oziq-ovqatlarga mendan ham muhtojroqlar bordir”, deya oʻylar olarmikin? Shukurki, shunday oʻylaydigan yurtdoshlarimiz koʻp. Ular oʻsha kuni xayriya tadbiriga kelishmagan. Biroq, ularning orasida oʻsha ayoldan muhtojroqlari ham boʻlgan.
Oʻtgan yillarda davlatimiz tomonidan bolalari bilan uysiz qolgan yolgʻiz ayollarga uy berildi. Buni eshitgan ayrim ayollar uyini qarindoshi nomiga oʻtkazib, uy talab qildi. Boshqalari qarindoshlarini vaqtincha koʻchirib kelib, menga uy kerak deb tomosha koʻrsatishdi... Xayriyat, ularga oʻxshash “muhtojlar” koʻpayib ketgani uchun tomoshaga chek qoʻyildi. Lekin muhtojlar orasida uch yosh bolasi bilan ijarada yashayotgan ayol ham bor edi, u ham ariza bergandi. Faqat u mendan muhtojroqlar bordir deb oʻylagani uchun hech kimni bezovta qilmadi. Shukurki, shunday ayollarimiz boʻlgani uchun ayol muqaddas, hayot davom etmoqda!

Teleekranda Ikkinchi jahon urushiga oid qalblarni larzaga soladigan voqea hikoya qilindi. Fashistlar jang paytida asir olingan oʻzbeklarni qamoqxonada bir necha kun ochlikda saqlashadi. Keyin kinooperatorlarni qamoqxonaning bir chetiga tizib, asirlarni olib chiqishadi. Oldilariga bir buxanka non tashlashadi. Ularning maqsadi non talashayotgan asirlarni tasvirga olib, “koʻrib qoʻyinglar, madaniyatdan orqada qolganlarni madaniyatli qilish uchun urush qilyapmiz”, deyish edi. Asirlar joylarida qolishdi. Tarjimon nonni yenglar degandan keyingina yosh asir kelib nonni olgan, peshonasiga surgan, changlarini tozalab, yoshi katta asirga keltirib bergan. U nonni barcha asirlarga teng boʻlgan. Non boʻlaklarini olishsa ham boshqalar kutib turishgan. Oʻsha yoshi katta asir non yeyishni boshlagandan keyingina oʻzlarining boʻlaklarini ogʻziga solishgan. Oʻzbeklarning ana shunday yuksak qadriyatlaridan umuman bexabar fashistlar karaxt ahvolga tushgan va kinooperatorlarni yetaklab qamoqxonadan chiqib ketishgan.
Gap urush haqida ketganda hurmatli olimamiz Zarifa Saidnosirovaning turmush oʻrtogʻi Oybek domlaga bagʻishlangan xotira kitobidan parcha keltiraman:
“Inson har qanday qiyinchilikni koʻtarar ekan. Ochlikdan oʻzimiz ham, bolalarimiz ham oʻlmasligi uchun nimalarni qilmadik. Oybek ana shunday mushkul bir sharoitda “Navoiy” romanini yozardi. Bir kecha yodimda, Oybek yozib oʻtirardi.
– Zarifa, qornim och, juda ochiqdim, – deb qoldi u.
Men nima deyishni bilmayman, uy qup-quruq edi.
– Biror narsa yoʻqmi? – soʻradi Oybek.
Oʻrnimdan turib, hujradagi xurmacha, xaltalarni tekshirdim. Bir hovuch yirik kepak, bir-ikki qoshiq shakar topdim, soʻng xurmachaning tagini sidira-sidira bir qoshiq yogʻ oldim. Primusda kepakni qovurib, soʻng unga shakarni aralashtirib, dasturxonga tortdim. Oybek hazratlari ozgina yedi va dedi:
– Ertalab bolalarga berarsan.
Menga boqib jilmaydi-da, tagʻin yozuvga kirishdi”.
Biz boriga shukur qilgan, topganini oʻzidan muhtojroqlarga bergan, bitta mayizni qirq boʻlib yegan, bolalariga ilinganidan tomogʻidan ovqat oʻtmaydigan buyuk xalqning avlodlarimiz. Hozirgi sharoitda xalqimizning ana shunday yuksak fazilatlarini yana-da yaqqolroq namoyon etishimiz kerakligini unutmaylik.
Ayrimlar koronavirus pandemiyasini Uchinchi jahon urushiga qiyoslayapti. Ehtimol, ular Ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlar sonini bilmas. Xalqimizning Ikkinchi jahon urushi davridagi yoʻqotishlarini UzA.uzda eʼlon qilingan “Gʻalaba bogʻi”ga gʻoliblar nomi yozilsa...” maqolasida biroz yozganim uchun takrorlamoqchi emasman. Faqat shuni taʼkidlayman, janglar bizdan uzoqda kechsa ham yurtimizda urushdan talafot koʻrmagan biror oila qolmagan. BMT maʼlumotlariga murojaat qilaman, Ikkinchi jahon urushida sobiq ittifoqdan 11 millionga yaqin askar-zobit, jang kechgan joylarda tinch aholidan 18 million kishi halok boʻlgan. Jahon boʻyicha esa, urush 24,5 million askar-zobit, jang kechgan joylarda tinch aholidan 47 million kishi hayotiga zomin boʻlgan. Ha, urush oʻldirish va vayron qilishdir. Jang boʻlgan joylarda ayrim shaharcha-qishloqlarda biron tirik mavjudot, uy-joy qolmagan, oʻrni tutab turgan kultepaga aylangan.

Internet tarmogʻida shunday soʻzlarni oʻqidim: “Bizga futbolchilardan koʻra, shifokorlar qadrliroq ekanini tushundik”. Chindan ham yurtimizda koronavirusga qarshi kechayu kunduz yuzma-yuz kurashayotgan fidoyi shifokorlarimizga qancha tashakkur aytsak ham oz. Toʻgʻri, shu sohaga adashib kelib qolgan, shayton vasvasasiga uchganlarini koʻrganda hafsalamiz pir boʻlgandir. Lekin ular shifokorlar pok nomiga, egnidagi oq kiyimiga dogʻ tushira olmaydi. Salomatligimiz posboni boʻlgan aziz shifokorlar, sizdan hamisha minnatdormiz.
Hozirgi kunda karantinning oltin qoidasi: “Uyda qoling” soʻzlari tez-tez takrorlanayotgani ayni muddaodir. Biz uydamiz, lekin bu choy, ovqat yeb, divanda dumalab yotish degani emasligini bilamiz. Ota-onalar farzandlari taʼlim-tarbiyasi bilan shugʻullanishyapti, oʻzlari ham kitob oʻqib, foydali koʻrsatuvlarni tomosha qilib, eshittirishlarni tinglab dunyoqarashini kengaytiryapti, maʼnaviy xazinasini boyityapti. Ijodkorlarimiz esa “Navoiy” romaniday, “Meni kutgil” tarjimasiday, “Alisher Navoiy”, “Jaloliddin Manguberdi” kabi spektakllarday shoh asarlarni yaratish ishtiyoqida izlanishyapti...
Zahmatkash dehqonlarimiz ham uyida – dalada. Chunki dehqon erta bahor dalaga chiqadi va kuzakda qaytadi. Dalasi uning uyi. Ular niqob kiyib, dalasiga baraka urugʻlarini qadayapti, chigit ekyapti, kelgusi moʻl hosil uchun zamin tayyorlayapti. Chorvadorlarimiz ham uyida – yaylovda. Ularga ham yaylovi uyi. Dehqonlarimiz, chorvadorlarimiz oʻz uylarida sermashaqqat ishlari bilan qizgʻin band ekanlar, demakki, meva-sabzavotda ham, goʻsht va sut mahsulotlarida ham uzilish boʻlmaydi.
Imonim komil, biz hamjihatlikda xalqimizning boqiy qadriyatlariga amal qilgan holda sinov davridan ruhan poklanib, maʼnan yuksalib oʻtishga qodirmiz. Tez kunlarda yana Hazrati Imom majmuasiga ziyoratga kelganlar Haqning barhaqligiga imon keltiradilar, salobat toʻkib turgan Amir Temur bobomiz haykali “Kuch adolatda” ekanini taʼkidlaydi, koʻk bilan boʻylashgan “Xilton” mehmonxonasining soʻlim xiyoboni xam shaharlarimiz va mehmonlarimiz bilan gavjum boʻladi... Mana shunday fayziyob kunlar tezroq kelishi uchun bugun hammamiz karantin tartib-qoidalariga qatʼiy rioya etishimiz shart. Shunda oʻzimizni, bolalarimizni, yaqinlarimizni koronavirus kasali xavfidan asraymiz va yurtimizda tezroq bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlari boshlanishiga, joʻshqin hayot baravj davom etishiga zamin yaratamiz.
Asror MOʻMIN,
Oʻzbekistonda xizmat
koʻrsatgan jurnalist.