Shuhrat Rasul: Anqara sammiti iqtisodiy hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlaydi
Bugungi global iqtisodiy jarayonlarda mintaqaviy integratsiya, o‘zaro savdo aloqalarini kengaytirish va transport-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish mamlakatlar taraqqiyotining muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) nafaqat tarixiy va madaniy mushtaraklikka asoslangan tuzilma, balki ulkan iqtisodiy salohiyatga ega hamkorlik maydoni sifatida muhim hisoblanadi.
Shu kunlarda Anqara shahrida bo‘lib o‘tayotgan TDTning 13-sammiti tuzilmaga a’zo o‘lkalar o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, savdo va investitsiyaviy munosabatlarni kengaytirish, transport-logistika hamda energetika sohalaridagi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim imkoniyatdir.
Xalqaro iqtisodchi, siyosatshunos Shuhrat Rasulning fikricha, mazkur sammitga faqat siyosiy muloqot nuqtai nazaridan emas, balki ulkan iqtisodiy makonning kelgusi taraqqiyotini belgilab beradigan muhim voqea sifatida qarash lozim. Chunki TDTga a’zo mamlakatlar Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi strategik hududda joylashgan bo‘lib, energetika resurslari, ishlab chiqarish imkoniyatlari, iste’mol bozorlari va tranzit yo‘laklari jihatidan bir-birini to‘ldiruvchi iqtisodiyotlarga ega.
Ekspertning ta’kidlashicha, O‘zbekiston ushbu iqtisodiy makonda alohida o‘rin tutadi. Respublikamizning Markaziy Osiyo markazida joylashgani, mintaqadagi yirik iste’mol bozorlaridan biriga egaligi, sanoat va qishloq xo‘jaligi salohiyati, shuningdek, tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga qaratilgan siyosati tashkilot doirasidagi hamkorlik uchun muhim omil hisoblanadi.
Bu borada rasmiy raqamlar ham diqqatga sazovor. Ma’lumotlarga ko‘ra, TDTga a’zo davlatlarning umumiy aholisi 170 million kishidan oshadi. 2025-yilda ularning jami yalpi ichki mahsuloti qariyb 2,3 trillion dollarga, tashqi savdo aylanmasi esa 1,2 trillion dollardan ortiqqa yetgan. Bu ko‘rsatkichlar tashkilotning jahon iqtisodiyotida salmoqli o‘rin egallash imkoniyatiga ega ekanini ko‘rsatadi.
Sh.Rasulning qayd etishicha, O‘zbekiston uchun ushbu iqtisodiy makonning ahamiyati, avvalo, eksport bozorlarini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari bilan belgilanadi.
– Turkiy davlatlar iqtisodiyotiga nazar tashlasak, ular o‘rtasida o‘zaro to‘ldiruvchanlik mavjudligini ko‘ramiz. Turkiya rivojlangan sanoat va texnologiyalar, Qozog‘iston energetika va xomashyo resurslari, Ozarbayjon transport va energetika infratuzilmasi bilan ajralib turadi. O‘zbekiston esa o‘sib borayotgan sanoat salohiyati, mehnat resurslari va keng iste’mol bozori orqali ushbu iqtisodiy zanjirning muhim bo‘g‘iniga aylanishi mumkin, -deydi iqtisodchi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonning TDTga a’zo davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasi 9,6 milliard dollardan oshgan. Bu mamlakatimiz umumiy tashqi savdosining qariyb 12 foizini tashkil etadi. Tashkilotga a’zo mamlakatlar, shuningdek, kuzatuvchi maqomidagi Turkmaniston va Vengriya bilan savdo aylanmasi esa 2017-yildagi 4,13 milliard dollardan 2025-yilda 10,82 milliard dollarga yetgan. 2026-yilning yanvar–iyul oylarida ushbu davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,8 foizga o‘sgan.
Ekspertning fikricha, mazkur raqamlar O‘zbekistonning turkiy mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalari izchil kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Biroq hamkorlik samaradorligini faqat savdo hajmi bilan baholash yetarli emas. Asosiy masala eksport tarkibida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishdan iborat.
Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, investitsiyaviy hamkorlik bu jarayonning muhim tarkibiy qismidir. Xususan, 2025-yilda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston va Vengriyadan O‘zbekistonga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 4,29 milliard dollarni tashkil etgan. Joriy yilda esa mazkur mamlakatlar bilan umumiy qiymati 17,24 milliard dollarlik 280 ta loyiha ustida ish olib borilmoqda.
Shuhrat Rasulning tahliliga ko‘ra, transport-logistika yo‘nalishidagi hamkorlik ham O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega. Mamlakatimizning dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati cheklangani tashqi savdo xarajatlariga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li va boshqa muqobil koridorlarni rivojlantirish eksport salohiyatini oshirishning muhim shartidir.
2025-yilda O‘zbekistonning TDTga a’zo davlatlar bilan yuk tashish hajmi 17,5 million tonnani tashkil etgani, bu umumiy eksport-import tashuvlarining qariyb 38 foiziga teng ekani ham transport hamkorligining iqtisodiy ahamiyatini tasdiqlaydi.
– O‘lkamiz uchun TDT doirasidagi iqtisodiy integratsiyaning eng muhim natijasi yangi bozorlarga chiqish, mahsulot tannarxini pasaytirish va milliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirishda namoyon bo‘lishi kerak. Buning uchun transport yo‘laklarini rivojlantirish bilan birga, bojxona tartiblarini soddalashtirish, raqamli savdo platformalarini kengaytirish va investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirish zarur, -deya ta’kidlaydi ekspert.
Sh.Rasulning qayd etishicha, O‘zbekistonning tashkilot doirasidagi faolligi uning iqtisodiy manfaatlariga asoslangan pragmatik tashqi siyosati bilan uzviy bog‘liq. Mamlakatimiz 2019-yilda tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lganidan buyon 85 dan ortiq tashabbusni ilgari surgan. Ular orasida savdo platformalarini tashkil etish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, investitsiyalarni rag‘batlantirish va transport aloqalarini kengaytirishga qaratilgan takliflar alohida ahamiyat kasb etadi.
Ekspertning fikricha, Anqara sammiti ana shu tashabbuslarni amaliy jihatdan yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim imkoniyat yaratadi. Xususan, Turkiy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini kengaytirish, qo‘shma sanoat loyihalarini moliyalashtirish, raqamli iqtisodiyot va “yashil” energetika sohalarida hamkorlikni kuchaytirish yurtimiz uchun istiqbolli yo‘nalishlar hisoblanadi.
Umuman, Turkiy davlatlar tashkiloti iqtisodiy jihatdan tobora muhim mintaqaviy hamkorlik maydoniga aylanmoqda. O‘zbekiston esa ushbu jarayonda faqat ishtirokchi emas, balki yangi tashabbuslarni ilgari surayotgan, iqtisodiy integratsiyaga amaliy mazmun bag‘ishlayotgan faol davlatlardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Anqara sammitining ahamiyati ham aynan shunda: turkiy mamlakatlarning mavjud iqtisodiy salohiyatini o‘zaro manfaatli loyihalarga aylantirish, savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlash hamda umumiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratish.
O‘tkir ALIMOV,
O‘zA