Shoyadki bu bandani-da yod aylasangiz...
"Kishining haqiqiy bahosini ustiga tuproq tortilgandan so‘ng beradilar".
Xotira
Ustoz Asqar Mahkamni yod etib
“Shoxdin bir qush uchdi, oshyoni qoldi o‘rnida...”
Niymo Yushij
"Kishining haqiqiy bahosini ustiga tuproq tortilgandan so‘ng beradilar".
Nurali Qobul
Dunyo adabiyoti tarixida hayotdan sal ertaroq ketgan shoirlar talaygina. Pushkin, Lermontov, Bayron, Yesenin, Usmon Nosir, Furo‘g‘ Farruxzod... Bu ro‘yxatni istagancha davom ettirish mumkin.
Milliy adabiyotimiz osmonida bir charaqlab dillarga g‘ulg‘ula va larza solib, keyin dunyoni bevaqt tark etib ketgan shoirlar qancha. Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida ijodiga eng ko‘p o‘rin bergan Shohg‘arib Mirzo, menimcha, bu ro‘yxatning boshida turadi.
Zahiriddin Muhammad Bobur... bor-yo‘g‘i 47 yoshda edi.
Aynan shu va shu yosh atrofida adabiyotimizda yuz bergan yo‘qotishlar kishini o‘yga toldiradi. Qatag‘on yillarining majburiy qurboniga aylangan adiblarning achchiq qismati bir tomon, ammo tinch zamonda, ayni ijodi gullab turgan palla tiriklik olamini tark etgan shoirlar Nazar Shukur, Chori Avaz, Hamza Imomberdiev, A’zam O‘ktam, Ravshan Fayz, Tilak Jo‘ra, Muhammad Yusuf, Shavkat Rahmon... larning qisqa, ammo munglug‘ umr yo‘llariga qarab uzoq sukut saqlashdan o‘zga chora yo‘q.
Shoirlikning yuki, zalvori shunchalar ayovsizmi?
-Mol-dunyosi behisob, vaziri a’zam hazrat Navoiy ham 60 yoshida yuz yoshli choldek munkillab qolgan edi, - deydi atoqli olima Suyuma G‘anieva.
Ahli qalam orasida “sal kun ko‘rgani” - uzoqroq yashagani bormi o‘zi, degan shakkokona o‘yga borganimda, noshukrlik bo‘lmasin, Mavlono Lutfiy hazratlari yodimga tushdi. Husayn Boyqaro saltanatida Navoiy ko‘magida xizmatga kirib, ko‘p yillar bel bog‘lab xizmat qilgan va o‘zi ham “kam” bo‘lmagan shoir Shayxim Suhayliyni esladim.
...Umri qisqa shoirlar safidan joy olgan yana bir shoir – bu Asqar Mahkkam edi. Men bu jununvash, xiyol ma’yus va mag‘rur yuradigan shoir umrining turli davrlarini ko‘rganman.
O‘tgan asrning 80-yillari... Sochlari yelkalariga tushgan, jur’ati ichiga sig‘may turgani hammaga - suvchiga ham, terimchiga ham, bekorchiga ham, ziyoliga ham shunday bilinib turgan muallimni shoir deyishardi. Ona tili darsi o‘rnida adabiyotdan saboq berishlari menga yoqardi. Keyin redaksiyaga - “Xalq ovozi” (Dushanbe shahri) gazetasiga ishga o‘tib ketdi. O‘sha kezlar matbuotda odat tusini olgan hisobot yo‘sin zerikarli maqolalar urchib ketgan edi. Asqar aka ko‘ngilga yaqin, ruhi baland maqolalari bilan gazetaning o‘qimishli bo‘lishiga hissa qo‘shdi. Oddiy muallim Respublika miqyosidagi gazetaga yangicha nafas olib kirdi. Buni keyinchalik, u Toshkentga ketib qolgach, ko‘pchilik tan oldi.
-O‘qi, o‘qimasang... bir kun kelib Kofarnihon bo‘ylarida mol boqasan, - degan ustozining ”po‘pisa”laridan bolaligida ko‘p cho‘chigan shoir podachiga aylanmaslik uchun nimalar qilmadi?
Tor ko‘chada adashgan ko‘rday
axtargancha o‘zim - o‘zimni.
Shoir bo‘lib shonga ko‘milay
deya tashlab ketdim buvimni...
Ijod o‘chog‘i - Toshkentga yo‘l olishida yolg‘izlik, yetimlik azoblarini bildirmay ulg‘aytirgan buvisini qishloqda qoldirib ketishiga to‘g‘ri keldi. Ammo, bu shunchaki, zohiriy ayriliq edi. Davralarda, she’r oqshomlarida shoirlar ishq-muhabbat, baxt haqida she’rlar o‘qiganda, u xayolan Kofarnihon bo‘ylariga qaytardi - mahzun va dardli ovozda: “Bu uyda bir vaqtlar buvim yashagan...”, deb boshlanuvchi she’rini boshlab qolardi. U qaerda bo‘lmasin bolaligining g‘amgin dunyosiga bir tutam nur olib kirgan buvisi bilan birga edi. O‘nlab kitoblari chiqqach ham, davralarda jo‘shib o‘qisa bo‘ladigan yuzlab she’rlari yozilganda ham... kimdir uni davraga chorlasa, yana o‘sha qachonlardir yozilgan - buvisiga bag‘ishlangan munglug‘ she’rlarini o‘qiy boshlardi.
Kulrang sochin o‘ramlarini,
Paxta pilik bog‘lagan uning.
O‘zi yuvgan ko‘ylaklarini,
Shamol o‘ynar sho‘rlik buvimning...
Asqar Mahkam ijodida kampir, buvi kabi so‘zlar ajoyib obraz darajasiga ko‘tarildi.
U mag‘rur edi. Siniqlikni kasb qilib olganlarga bu unchalik yoqmasdi. Ammo ichki dunyosi toza, darvishtabiat - beozor edi. Ko‘p narsani bilardi. Dunyo va uqbo, shariat va tariqat, turli dinlar va kishilik tarixiga oid qarashlar, falsafa, hayot, she’r va hikmat ilmi. Shuncha ilmi bilan qarshisida o‘tirib olib jo‘n qarashlarni uzundan uzoq bayon etayotgan suhbatdoshi qoshida churq etmay soatlab bosh egib o‘tira olardi.
Ammo rost so‘zni eng yaqin kishisiga ham, ”qo‘li uzun” amaldor yo juda hurmatli kishining ko‘ziga tik qarab ham ayta olardi.
Maktabda ona tili yoki ashula darslari o‘rnida adabiyotdan saboq berib ketaveradigan va bu ishini to‘g‘ri deb bilgan muallim gazetachilikda ham noan’anaviy, chuqur tahlilga asoslangan maqolalari bilan gazetxonlar mehrini qozona oldi. Uning kitoblari - she’ru dostonlari, hatto nasriy asarlari ruhida ham ichki bir tizginsizlik, ayovsiz shiddat, ”hech kimga o‘xshamasligi” sezilib turadi.
Asqar Mahkam ijodida “Haq” va “ Analhaq” she’riy kitoblari muhim o‘rin tutadi. “Haq”da sal bo‘lsa-da, sokinlik, xotiralarga yo‘g‘rilgan samimiylik, o‘zni anglash yo‘lidagi qarashlar - iztiroblar tasviri ustunlik qiladi:
Bibi ena, Vatan nima?
Vatan nima, enajon?
Yerdan so‘ra, yer aytadi,
Men ne bilam, bolam-a,
Bibi ena, Vatan nima?
Vatan nima, enajon?
Eldan so‘ra, el aytadi,
Men ne bilam, bolam-a.
Haqni anglash tadorik – bu o‘zni anglash yo‘li. Ammo bu yo‘l qaydan boshlanadi?
Bozordanmi?
Masjid - hujradanmi, kalisodanmi, yo?..
Ilonlarning qaytsiz zaharin
Kim tuymagan bir bor labida?
Musibatning tuzlug‘ jigarin
Qovurmagan ko‘kraklarida?
Kim ko‘ksini berib yotmagan
Ko‘karganda ajdodlar qabri?
O‘z-o‘zini kim yo‘qotmagan
Jaloliddin Rumiy singari.
Rumiyona o‘zni yo‘qotish chin ma’nodagi o‘zlikka yuz burish -o‘zlikni topish. Rostlikka bunday yuzlanish esa ruhiyat dunyosini isloh qilish bilan bog‘liq.
Ey zoti odamiy, ey zoti azal,
Olamda toshdan to tariq - bolang u.
Jismingda bir qatra qon qolsa, alhol,
Tazarru aylagin, tazarru!..
Ammo, “Analhaq”!..
Bu shoirning so‘nggi kitobi - so‘nggi hayqirig‘i edi. Unda o‘zgargan Asqar Mahkamni ko‘ramiz. Kinoya, malomat, hayotdan qoniqmaslik... Inson fitratida mavjud bo‘lgan, ammo islohga mustahiq illatlarga qarshi qayralgan so‘zlar lashkari, fikrlar Ijtimoiy hodisa darajasiga ko‘tariladi. ”Analhaq” shoirning ilk to‘plami “Navro‘z”, ”Ibodat” va undan keyingi o‘nlab samimiy kitoblarining murosasiz xotimasidir.
To‘g‘ri, shoir qaydadir sal oshirib yuborganday, she’rdek ruhiy hodisa bag‘rida kutilmaganda so‘zlarning xanjarday sovuqlashishi, ”g‘alati” - yalang‘och manzaralar girdobida fikr tig‘izligi, keskin qarashlar, xulosalar... “silliq” -- bir o‘tirishda yoziladigan she’rlar ruhiga moslashgan o‘quvchi uchun og‘irlik qilishi, malol ham kelishi aniq.
Asqar Mahkam inson tabiatida bor yo namoyon bo‘ladigan qusurlarni me’yoridan oshiribroq tasvirlayotganday bo‘lardi. Bir qarashda bu shoirning odamzotga nisbatan nafratiday taassurot ham qoldirardi, ammo chuqurroq mushohada qilinsa, bu ayovsiz satrlar Hazrati Odam farzandlarini mukammal ko‘rish istagi g‘olib kelganidan oq qog‘oz yuziga to‘kilganini sezish qiyin emas.
Iymon sotilganda bozor qolmasdi
benomus qolmasdi beor qolmasdi...
Bir zumda sotilib eski o‘liklar
keyinroq o‘lganga mozor qolmasdi...
Ammo, u har qanday holatda ham o‘ziga hisob bera oladigan ijodkorlar sirasiga kirardi. Shoirning “Navro‘z” (1988 ), “Tazarru” (1991), “Ibodat” (1993), “Tavajjuh” (1994), “Ishq” (1994), “Haq” (1998), “Analhaq” (2003), “Tabriz daftari” (2003), “ Oq kitob” ( 2003) kabi asarlari bunga shahodat beradi.
Uning aksariyat she’r - satrlarida, nasriy asarlari - “Dor” romani, Shavkat Rahmon, Loyiq Sherali haqidagi xotiralarida, “Oq kitob”, “So‘nggi darvish” nasriy qissalarida, “Xayyomni anglash” risolasida ham so‘z - iboralar xuddi bulutlar bag‘ridan sitilib zamin uzra sharros quyayotgan yomg‘ir tomchilaridek ayovsiz tus oladi.
Qaytaman. Odamning qo‘lin olmayman
goh patak...
goh tuproq...
gohida tojman...
Men o‘zim o‘zimni taniyolmayman
kecha bog‘bon edim bugun og‘ochman...
Adabiyot ruh va so‘z uyg‘unligidan iborat bo‘lgan nozik hodisa. Shu bois yakranglik – takroriylik hech qachon so‘z olamini bezamagan. Dars jarayonlarini xufyona, jon - quloq bo‘lib kuzatib yurishni odat qilgan qattiqqo‘l direktorning fe’lini yaxshi bilsa-da, ona tili yo rasm darsi o‘rnida cho‘chimasdan adabiyotdan saboq bera oladigan muallim kutilmaganda qalam yukini yelkaga olganda, she’r dardiga chalinganda bosiq, yumshoq bo‘lib qolishi mumkinmidi? Aslo.
Asqar Mahkamning fe’li - fitratida mahzunlikka qorishiq beoromlik, halovatsizlik har doim manaman deb turardi. Buni ko‘pchilik e’tirof etadi. Ammo bu - u shu kayfiyatda shunchaki yozardi-qo‘yardi-da, degani emas.
Ming yillik go‘r kabi ko‘milib,
So‘ng qarshingdan chiqarman tirik.
Uch yuz oltmish payg‘ambar bo‘lib,
Sig‘inaman senga, Tiriklik!
She’rlaridagi issiq - sovuq bari o‘ziniki edi, nasriy asarlari ham faqat uning o‘zigagina xos edi. Ammo bu “beo‘xshovlik”, o‘ziga xoslik uni eng muhim ijod prinsipidan chalg‘ita olmasdi. Uning Kofarnihoni Vatani edi. U Kofarnihon timsolida buyuk va betimsol Vatanni kuylardi. Tog‘lar qo‘ynidan jo‘shib kelayotgan daryo u uchun mangu tiriklik qo‘shig‘i edi.
Men hamon eslayman o‘sha kunlarni
Oldimdan daryoday kechar yiroqlar.
Shamollar saropo kezar tunlarni,
Tog‘larni qo‘riqlab yotar qishloqlar.
Dalalar mudraydi namchil tumanda
Bulutlar - daryoda cho‘milgan qizlar.
Va g‘urub so‘ngida so‘ngsiz osmonda
Mening bir jonimday yonar yulduzlar...
Farzandini tuproqqa berib evaziga bir umr qulluq, shukr va tahammul qilgan, chirog‘idan yodgor to‘rt yetim boshini silagan Buvi - Ena shoir ijodida katta Vatan bag‘ridagi mushtipar buvi timsoliga aylanadi.
Ko‘z yoshlari Kofarnihon edi buvimning
Faryodlari Kofarnihon edi buvimning
Tasbihlari Kofarnihon edi buvimning
Janozasi Kofarnihon bo‘ldi buvimning...
Bas qil menga afsonani, bu taqdir edi,
Boshida uning mingta balo sang‘ir edi.
Umrimni manim bobma - bob tahrir qil
Bir kulbayu bir tanchayu bir kampir edi...
Asqar Mahkam juda katta tarjimon ham edi. U o‘zbek avestoshunoslari uzoq yillar ma’lum bir juzlarinigina baholi qudrat o‘girib, tahlil - tadqiq qilib yurgan zardushtiylik aqidasining asosi bo‘lgan “Avesto”ni Puri Dovudning forsiy tabdili asosida o‘zbek tiliga yaxlit o‘girdi. Ma’rifiy ruhda ijod qiluvchi shoirning bu xizmatini “shakkok”likka yo‘yganlar bo‘ldi. Har xil diniy oqimlar safiga zardushtiylar yetmay turuvdi, degandek sha’malar ham yo‘q emas edi. Oradan yillar o‘tib “Avesto” ta’sirida kimdir zardushtiylik ko‘chasiga chalg‘ib ketgani haqidagi gaplar chiqmadi. Tashvishlar o‘rinsiz edi.
Ona zaminimiz - Movarounnahrda bir zamonlar yashab o‘tgan ajdodlarning diniy-axloqiy qarashlari, hayot va mamot, o‘limdan keyingi holat, ruh va olamning asosi bo‘lgan to‘rt unsur haqida qiziqarli ma’lumotlarni bilib qo‘yishning nimasi yomon edi?.. Zardushtiylik tarixi bilimdoni, tadqiqotchisi Homidxon Homidiy: ”«Avesto»ning Asqar Mahkam tarjimasi har jihatdan mukammaldir” deb yozadi.
Ko‘p yillik zahmat, to‘plangan tajriba – Shams Tabriziy g‘azallari o‘girmasidan so‘ng u Mavlono Jaloliddin Rumiyning ”Masnaviy”si tarjimasiga o‘tiradi. ”Masnaviy”ning birinchi jildi sharhi shoir hayotligida chop etilgandi, ikkinchi kitob esa shoir vafotidan so‘ng nashr qilindi. Birinchi kitobda shoir mushohirlar – Obiddin Poshsho va Karim Zamoniylar sharhi bilan kifoyalanadi. ”Masnaviy”ning ikkinchi jildida esa Asqar Mahkam mushohirlar ko‘magisiz o‘zi masnaviy baytlari zamiridagi zohiriy va botiniy mohiyatlar mag‘zini noziklik bilan ilg‘ab, keng mushohada yuritib batafsil sharhlaydiki, beixtiyor ko‘z o‘ngingizda ko‘p ilmlardan boxabar zabardast shorih - olim qiyofasi namoyon bo‘la boshlaydi.
So‘nggi yillar Asqar Mahkam Xoja Abdulloh Ansoriyning “Kashf ul-asror” - Qur’oni karimning adabiy-irfoniy tafsiri tarjimasi bilan band edi.
Ammo ...
...bir gal Buxoroda bo‘lganimda Tilak Jo‘ra tug‘ilib o‘sgan Qorako‘lga - Sayyot qishlog‘iga bordim. Shoir yashagan xonadonda bo‘ldim. Shovullab turgan terakzorlarga qarab qolganimni ko‘rgan sayyotlik muallim izoh berdi: “Tilak aka sog‘lig‘i og‘irlashgan palla Buxoro televideniesidan kelgan muxbirlarga mana shu yerda she’rlaridan o‘qib bergan ekan. Bu shoirning o‘z nafasi bilan o‘qigan so‘nggi she’rlari bo‘lgan. Unda bu teraklar endi o‘tqazilgan qalamchalar edi”, dedi muallim.
O‘zbekning dardli shoirining so‘nggi she’rlarini tinglagan teraklar ulg‘aygan, endi o‘zlari shamollarga o‘z tilida she’rlar o‘qirdi. Men bir paytlar mana shu teraklar qoshida so‘nggi kuchlarini to‘plab she’r o‘qigan shoir qiyofasini o‘zimcha tasavvur qildim. Keyin shoir ko‘milgan qabristonga bordik. Oyoqlarimiz ostida tuproq emas, qum zarralari g‘ichirlardi. Saksovulmi, yulg‘ungami o‘xshash butalar oralab suyukli shoir mozori qoshida to‘xtadik. Vaqtli matbuot sahifalarida, kitoblarida ko‘p bor berilgan yarim jiddiy - yarim mahzun qiyofadagi tanish suvrat shoir mozori qoshidagi yodgorlikdan ham joy olgan, kelganlarni peshvoz – qarshi olardi. Uning nim tabassumli o‘ychan nigohidan bir nimani ilg‘ash mahol.
Paxsa uy, terakzor, shoir baliq ovlaydigan zovur, deyarli qumloqdan iborat yulg‘unlarga boy qabriston... Bir paytlar shoir Tilak Jo‘ra Toshkentning gavjum ko‘chalari, so‘lim saylgoh, talay qulayliklariga qo‘l siltab ketib qolgani, bundan Najmiddin Komilovning attang qilib qolgani, G‘aybulloh as - Salomning katta boshini kichik qilib shoirni poytaxtga olib kelish uchun urinishlarini aql tarozusiga solib ko‘rdim. Har lahza Tilak Jo‘rani Qorako‘lga tortib turgan kuch qudratini his etib turdim.
Darvoqe, rahmatli Ravshan Fayzni fojiali o‘limidan sal oldinroq ko‘rgan edim. Ravshan aka mening birinchi kitobimga muharrir bo‘lgan, shu bois yaqinligimiz bor edi. Saylgohda, suvlari otilib turgan favvora qoshida turib shoir Qo‘shrabotning jazirama dashtlari, issiqlari haqida shunday zavq va sog‘inch bilan gapirgandiki, oradan hech qancha muddat o‘tmay shoirning o‘limi haqidagi mudhish xabarni eshitganimda uning saylgohda aytgan o‘sha so‘zlari xotiramdan ketmay qoldi.
Bu gaplardan murod, Asqar Mahkam so‘nggi paytlar: “Men Kofarnihonga qaytishim kerak” deb ko‘p aytadigan bo‘lgandi. Bolaligida ustozi “O‘qimasang, bir kun molboqar bo‘lasan”, deganida cho‘chib yurgan shoir negadir Kofarnihon bo‘ylarida mol boqishni orzu qilib qolgandi.
Ravshan Fayzni to‘lqinlantirgan Qo‘shrabot dashtlari sog‘inchi, Tilak Jo‘rani Qorako‘lga yetaklagan kuch... Asqar Mahkamni Kofarnihon sari chorlayotgan ekan.
Shoir o‘z tabiatiga ko‘ra dushmani chorlasa ham, labbay, deb javob berardi. Kofarnihon chorlasa u jim turarmidi?..
Izlaydi shamol oxir uning izlarini,
Yomg‘ir suvi to‘ldirar ochiq ko‘zlarini.
So‘ng bod kelar-da sochadir olamga
Bu shoiri bechoraning xokistarini.
-Omonxonaning suvidan bo‘lsa edi, deb qoldilar bir kun Asqar aka. Men darhol boysunlik ukaxonim Azamatga qo‘ng‘iroq qildim. Keyingi kuni eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi. Eshikni ochsam, ostonada Azamat jilmayib turibdi. U oltita 5 litrlik idishda, jami 30 litr Omonxona suvidan keltirgan edi. Zudlik bilan suvni yetkazdik.
Keyingi kuni kirganimda Asqar akaning ruhi juda tetik edi. – Ma, suvdan ol, Kofarnihondan keltirishdi dedi suyunib. Ro‘parada shoirning akasi Anvar aka o‘y–xayollari parishon o‘tirardi. – Suvdan ol, qara o‘zimizning kofornihonniki?! Qishlog‘imiz etagidan oqib o‘tadigan Kofarnihonning suvi bir yelim baklashkada shoirning qo‘lida chayqalardi. Ming chaqirimlar narida xasta yotgan shoirning hayqirib yotgan daryodan, ehtimol, oxirgi nasibalari. Harchand suvdan ichgim kelib turgan bo‘lsa–da, “xo‘p – xo‘p” deya vaziyatdan chiqib ketishga urindim. Nasib etsa, men hali Kofarnihonga boraman va o‘shanda to‘yib –to‘yib icharman.
Qori Sharif ukasi Loyiq Sheralining o‘lim bilan olishib tiriklikka talpinib quruqshagan lablariga qadrdon Mazor buloqlari suvidan tomiza olmaganidan bir umr armondaligini yozgan edi. Anvar aka zap ulug‘ ish qilibdi-da.
Dog‘iston Xalq shoiri Hamzat sadasa (Rasul Hamzatovning otasi) xastalanib Moskvada davolanib chiqadi. Ovuliga qaytgach: “Meni Kremlda zo‘r duxtirlar, eng so‘nggi dorilar bilan davolashdi. Ammo men qadrdon sada ovulidan keltirilgan buloq suvidan icha boshlashim bilan tuzalayotganimni sezdim” deydi ovuldoshlariga. Suv - bu hayot.
Keyinroq Dushanbega borganimda bir davrada ”Asqar Mahkam og‘ir yotganida, Kofarnihon suvidan keltirishlarini iltimos qilgan ekan” degan gapni eshitdim. – Musofirlik shu-da, dedi kimdir, - yuki og‘ir. Bo‘lmasam, Toshkentdek shahri azimda suv yo‘qmidi?! Ichimdan bir nima uzilib ketganday bo‘ldi. Chunki bu minnat, bu savdo men uchun ham begona emas, mening ham boshimda bor savdo edi.
*******
Kunlarning birida O‘zbekiston Xalq shoiri To‘ra Sulaymon haqida film oladigan bo‘ldik. O‘nlab ijodkorlar bilan suhbatlashdik, fikrlarini yozib oldik... Ammo, filmga so‘zlari kirmay qolgan birgina ijodkor bo‘ldi, bu Asqar Mahkam edi.
Asqar aka To‘ra Sulaymon ijodi haqida favqulodda chiroyli fikrlar aytdi. Yodimda, biz ijodiy guruh bilan Do‘mbirobodga – Asqar Mahkam xonadoniga keldik. Asqar aka uyda yolg‘iz ekan. Kasallik zabtiga olgan payt. “Gapiradigan holatda emasman-u, – dedi shoir, bir oz sukutga ketgach, to‘shakdan turishga urindi. – To‘ra aka uchun gapiraman”...
Biz shoirning uyi biqinidagi boqqa chiqdik.
Kech kuz.
Asqar aka turkiy tilning unut bo‘layozgan, ammo To‘ra Sulaymon she’rlari bag‘rida qayta jaranglab, yana “o‘zimizning” qadrdon so‘zlarimizga aylanib ketgan qator poetik topilmalar xususida so‘zlar, To‘ra aka buni g‘oyat ustalik bilan amalga oshirganini misollar bilan ta’kidlardi.
Ammo...
...ammo, kuni kecha gurillab yurgan shoirning o‘zi og‘ir betob edi. Tuzalmas dard uni tobora o‘z komiga tortib borardi. Mag‘rur shoirni muxlislari bu holatda ko‘rsa, qanday bo‘larkin?
...Bog‘da shamol esar, xasta shoir, go‘yo parvo qilmaganday so‘ylardi. Shamol sarg‘aygan yaproqlarni xuddi qasdlashganday shoirning parishon boshi uzra sochar, so‘ng oyoqlari ostiga to‘shardi.
So‘zimiz nihoyalandi. Asqar aka biz bilan xayrlashmadi ham, chamasi, bunga majoli yo‘qday edi, negadir xomush... bog‘ ichkarisi sari og‘ir-og‘ir qadam tashlab, o‘ychan ketib borardi.
Tasvirchimizga ishora qildim – payqadi.
Televideniyaga kelganimda kassetaning o‘sha joyini qayta-qayta ko‘rdim: shoir xazonlarni bosib ketib borar, kuz beomon shamolga aylanib uning boshidan gullar emas, xazonlar sochardi... Bu g‘oyat ta’sirli manzara edi. Asqar Mahkam xuddi xazonga aylanib borayotgan yo‘laklarni bosib, hali zamon o‘zi sharhlagan To‘ra Sulaymon she’rlaridagi go‘zal ma’vo sari ketib borayotganday edi.
Bu, mening ustozim, eng ko‘p ehtirom qilgan shoirimning so‘nggi intervyusi edi.
Afsus, bu “g‘amgin lavhani” filmga kiritib bo‘lmasdi. Har-har zamon shaxsiy arxivimda ishlatilmay qolgan lavhani ko‘rganimda tomog‘imga nimadir tiqilib kelaveradi. Shoirning Kofarnihon bo‘yidagi mozorini izlab borganimda qabriston etagida dalasiga suv taratayotgan dehqonni chalg‘itishimga to‘g‘ri keldi.
— Ha, u kishinimi? – dedi savolimga javoban dehqon.
— Shoirni tanirmidingiz?—dedim.
-Yo‘q. Men bu yerda dehqonchilik qilaman, ahyon-ahyon uzoq-uzoqlardan izlab kelishadi, yerim mozorga yaqinligi uchun ko‘pchilik so‘raydi, - dedi va: - Huv ana! - qo‘llari bilan ishora qildi - shoir mozoriga borish yo‘lini ko‘rsatdi.
Men hech bir qiyinchiliksiz topib bordim. Bundan bor-yo‘g‘i o‘n yillar burun Shavkat Rahmon olamdan o‘tganda og‘ir musibatni qabul qilolmaganidan “shunday shoir shu yoshda o‘lib ketishi mumkinmi” deya g‘amlarga botgan shoirning o‘zi ham tuproq ostida yotardi. Toshkentdan izlab kelganim mozor qoshida xayollarim parishon turardim. Kofarnihonda ham, Toshkentda ham ko‘p yillar yonma-yon, qo‘shni bo‘lib yashagan ustozim, katta hayotdagi birinchi muallimim, ajoyib shoir, tarjimon, olim xoki qoshida qancha qolib ketganimni eslolmayman. Ollohning bergani - 48 yosh.
Yodgorlik - lavhda shoirning ushbu bayti keltirilgan:
Ey, hushyorlar, men-da najib kuy edim,
Goh motamu goh janoza, goh to‘y edim.
Shoyadki bu bandani-da yod aylasangiz,
Men shoir emas, shunchaki rostgo‘y edim.
Bu to‘rtlik uning o‘zi tartib bergan oxirgi kitobining eng so‘nggi satrlari edi.
Alisher Narzullo