Sho‘r yuvish, yaxob suv – mo‘l hosil garovi
Buxoro viloyatida sug‘oriladigan 276,3 ming gektar yerning atigi 14,9 foizi, ya’ni 41,2 ming gektari sho‘rlanmagan, 85,1 foizi yoki 235,1 ming gektari esa turli darajada sho‘rlangan. Shundan 5,9 ming gektari kuchli, 57,1 ming gektari o‘rtacha va 172,1 ming gektari kam sho‘rlangan maydonlarni tashkil qiladi. Shuning uchun har yili 88 ming gektardan oshiqroq maydonda ikki marotaba, 12 ming gektarda uch marotaba “sho‘r yuvish” ishlari amalga oshiriladi.
Meliorativ ekspeditsiyasi tomonidan “sho‘r yuvish”dan oldin 10 ming 500 dan ortiq tuproq nuqtasi o‘rganilib, shundan 3 mingdan ortiq nuqtada nazorat o‘lchovlari va kimyoviy tahlillar amalga oshirilgan.

“Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va uning huzuridagi meliorativ ekspeditsiya mutaxassislari tomonidan 747 kilometr uzunlikdagi magistral, 2 ming 544 kilometr xo‘jaliklararo va 4 ming 516 kilometr ichki kollektorlar, 1 ming 120 kilometr yopiq–yotiq gorizontal drenaj tarmoqlarida xatlovlar amalga oshirilgan. Meliorativ kadastr va xatlov natijalariga ko‘ra, 1 ming 563 kilometr uzunlikdagi kollektor va 40 kilometr uzunlikdagi yopiq-drenaj tarmoqlari texnik holati qoniqarsiz bo‘lganligi sababli 2022 yilda qator kollektorlar bo‘yicha ta’mirlash va tiklash tadbirlariga oid loyihalar ishlab chiqilib, amaliy chora-tadbirlar ko‘rilgan. Shuningdek, viloyatda 4 ming 445 kilometr uzunlikda ichki kollektor tarmoqlari agroklasterlarga biriktirilgan bo‘lib, ularning 2 ming 300 kilometr uzunlikdagi qismida kuzgi-qishki mavsumdagi tozalash agrotexnik ishlari olib borilmoqda.
Viloyatda eng yirik ekin maydoniga ega Jondor tumani dehqonlari jami 370 dan ortiq fermer xo‘jaligi ko‘psonli jamoasi tomonidan umumiy maydoni 13 ming 659 gektar yer chuqur shudgorlashdan chiqarildi. Shu kecha-kunduzda qishning chilla suviga qondirish, konturlarni to‘ldirib sug‘orish ishlari boshlangan. Qishning chilla suviga qondiriladigan ekin maydoni esa tumanda 29 ming 674 gektarni tashkil etayotgan bo‘lib, shu kunlarda mahalliy fermer xo‘jaliklari miroblari tomonidan bu ko‘rsatkich qariyb 1 ming 600 gektarga uddalangan. “Sho‘r yuvish” oldidan har gektar maydon tuproq unumdorligi o‘rganilgani holda 5 tonna va undan ziyodroq mahalliy o‘g‘it kiritilgani ham kelgusida yuqori hosil olish garovi. Tabiiyki, go‘ng chuqur haydalayotgan tuproq ostiga tushib, o‘ziga xos darmondoriga aylanadi.

Viloyat miqyosida jami 227 ming 606 gektar ekin yeri “sho‘rini yuvish” agrotexnik ishlari jadal boshlangan. Hududlar miqyosida olsak, bu borada Romitan tumanida 25 ming 244 gektar, Vobkent tumanida 23 ming 866 gektar, G‘ijduvonda 23 ming 386, Buxoro tumanida 22 ming 338, Qorako‘l tumanida 22 ming 198, Peshkuda 21 ming 152 gektar, Shofirkon tumanida 21 ming 106, Olot tumanida 19 ming 198, Kogon tumanida 17 ming 818 gektar, Buxoro shahri atrofida esa 1 ming 626 gektar ekin yeri qishki chilla suviga qondirilmoqda.
Viloyatda joriy yil hosili uchun g‘alla parvarishi jadal olib borilmoqda. Mavjud 60 ming 600 gektar maydonga ekilgan serhosil g‘alla navlari to‘liq undirilgani holda “panjalash” fazasida rivojlantirilmoqda.

Bu jarayonda ayniqsa, yer darmoni sanalgan mahalliy o‘g‘itni g‘alla maydonlariga kiritishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buxoro vohasining sho‘rlanishga moyil bo‘lgan aksariyat ekin maydonlari uchun yosh maysalarni mahalliy o‘g‘it bilan oziqlantirishning ahamiyati katta. Bu borada har yilgidek “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalarning klaster va fermerlar bilan hamjihatlikdagi faoliyati natija bermoqda. Bugungacha viloyatdagi don korxonalari tomonidan 16 ming 325 tonna mahalliy o‘g‘it jamg‘arilgan bo‘lsa, shundan “Buxorodonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati sa’y-harakati bilan 7 ming 242 tonna, “Qorako‘ldonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati kuchi bilan tonna 6 ming 308 tonna, “Kogondonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan esa 2 ming 775 tonna mahalliy o‘g‘it dala boshiga jamg‘arilgan.

Hozirgi kecha kunduzda don korxonalari tashabbusi bilan tuzilgan otryadlar, qolaversa, fermer xo‘jaliklari ish ko‘lami ham kun sayin kengaytirilmoqda.
Bu borada birgina Vobkent tumanini olsak, shu kunlarda Xalach, Qo‘ng‘irot, Xayrobod, Qipchoq, Ehson kabi hududlarda belgilangan qishki agrotexnik tadbirlar talab darajasida olib borilayotanini ko‘rish mumkin. Jumladan, “Xayrobod”da “Xo‘ja” arig‘ini mexanizmlar yordamida qazish va tozalash ishlari davom ettirilayotgan bo‘lsa, “Qo‘ng‘irot”da “Beshrabot saxovati”, “Sattorov Ortiq bobo”, “Hamroyev Akbarjon Amonovich” kabi fermer xo‘jaliklarida, “Qipchoq” hududida “Kumushkent Bahodir trans”, “Ehson”da “Mirzo Badalov” fermer xo‘jaliklarida mavjud g‘allazorlarni “sharbatlab” sug‘orish, chilla suviga qondirish ishlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA