Shomurodovlar uy muzeyiga sayr
Nukus shahridagi Amet va Oyimxon Shomurodovlar uy-muzeyida qoraqalpoq hamda o‘zbek adabiyoti va san’atiga ulkan hissa qo‘shgan Amet Shomurodov va uning rafiqasi Oyimxon Shomurodova faoliyatiga oid qimmatli eksponatlar saqlanmoqda.
Binoning asosiy kirish zalida ikkala ma’rifatparning ijod mahsullari, kitoblari, umr yo‘li davomida erishgan yutuqlari, unvon va yuksak mukofotlari namoyish etilgan. Zal bo‘ylab Oyimxon Shomurodova ijro etgan «Bo‘zatov» milliy qo‘shig‘i yangrab turibdi.
- Muzey ochilgandan buyon shu yerda faoliyat yuritaman, - deydi Balumarjon Sherniyozova. - 22 yildan buyon tadqiqotchilar, san’at va adabiyotga befarq bo‘lmagan insonlarni muzeyimizga jalb etib kelmoqdaman. Muzeydagi eksponatlar Amet Shomurodovning o‘z pozitsiyasiga ega, salohiyatli inson bo‘lganini ko‘rsatsa, Oyimxon Shomurodovani oqila, zebo va zukko ayol bo‘lganini namoyish qiladi. bugungi yoshlar qoraqalpoqning ushbu mashhur finomenlaridan o‘rnak olsa arziydi. Muzeyimiz haqida keng jamoatchilik xabardor bo‘lish imkoniyatini ham yaratdik, endi qiziquvchilar shomuratova.uz saytimiz orqali barcha ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin.

Zal bo‘ylab o‘ngda ularning ijod jarayonlarida foydalangan narsalariga duch kelasiz. Bir tomonda pianino, akardion, qo‘biz, rubob, chanqovuz, boshqa tomonda qalam, daftar, turli kitoblar, harf teruvchi mashina... Xona o‘rtasidagi stol ustida ikki ma’rifatparvar haqida yozilgan maqola, hikoya va she’rlar kiritilgan jurnal va kitoblar terib qo‘yilgan. 2004 yilda Oyimxon Shomurodova «Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan. Ushbu yuksak mukofot muzeyning qimmatli eksponatlaridan biri hisoblanadi.
Asosiy zaldan chapdagi xonani qoraqalpoq liboslari xonasi, deyish mumkin. Unda «Kiymishek»dan tortib, «Ko‘k ko‘ylak»gacha uchratish mumkin. Bularning hammasini Oyimxon Shomurodova katta-katta sahnalarda, teatrlarda turli obrazlarni gavdalantirganda kiygan. Muzey eksponatlari orasida uning zamonaviy liboslari, taqinchoq va pardoz anjomlari ham o‘rin olgan. Uy-muzeyda Oyimxon Shomurodova nomiga kelgan mashhur insonlarning telegrammalari, maktublari va san’atkorga bag‘ishlab yozilgan she’rlarning asl nusxasini ham uchratish mumkin.

Amet Shomurodov qisqa (1912-1953), biroq mazmunli umr kechirdi. «Mening yo‘lbarslar bilan tanishuvim», «Eski maktabda» asarlarini kitobxonlar sevib o‘qishadi. Uning «Qirqqiz» musiqiy dramasi va «Orol qizi» pesasi hamon teatr sahnalarida tez-tez namoyish etiladi.
Oyimxon Shomurodova qoraqalpoq teatrining ilk aktrisasi hisoblanib, 23 yoshida Qoraqalpoq xalq artisti, 33 yoshida O‘zbekiston xalq artisti, 50 yoshida sobiq ittifoq xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan. Umri davomida 200 dan ortiq qo‘shiqlar kuylagan.
Muzey 1999 yil tashkil etilgan bo‘lib, hozirda uni Shomurodovlarning kenja qizi Oyimgul Shomuradova boshqarib kelmoqda.

Dilobar Mamatova, O‘zA