Shoira, yozuvchi va tarjimon Mahbuba Soqiyevaning yangi kitoblari taqdimoti
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida shoira, yozuvchi va tarjimon Mahbuba Soqiyevaning yaqinda chop etilgan “Bir kaft tuproq” va “Milыy drug” kitoblari taqdimoti hamda muallif ijodiga bag‘ishlangan “Men samo fazandi...” deb nomlangan adabiy-badiiy va ma’naviy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Unda poytaxtimizdagi turli oliygohlarning professor-o‘qituvchilari va talabalari, taniqli shoir va yozuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, yaxshi badiiy asar insonning ko‘ngil mulkiga aylanadi, unga umr bo‘yi ma’naviy hamrohlik qiladi.
Mahbuba Soqiyeva 1959 yil 18 yanvarda Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida tug‘ilgan. Butunjahon “Giperpoema” loyihasi a’zosi, jahon shoirlarining “Vsempoeziya” V festivali ishtirokchisi. Shu vaqtga qadar “Yurak yomg‘iri” va “Ma’yus ko‘zlar” nomli kitoblari chop etilgan va o‘quvchilar mehrini qozongan. Uning she’rlari turk, ozarbayjon, tojik va rus tillariga tarjima qilingan.
“Yangi kitob” nashriyotida chop etilgan “Bir kaft tuproq” to‘plamidan “Noila” va “Armon” qissalari, 10 ta hikoya, 70 ga yaqin she’rlar, 18 ta tarjima o‘rin olgan.
[gallery-19451]
“Oltin meros press” nashriyoti chop etgan “Milыy drug” kitobida esa 20 nafardan ortiq taniqli shoirlarimizning turli mavzulardagi sara she’rlari rus tiliga tarjima qilingan.
Muallifning nasriy asarlarida ijtimoiy va oilaviy burchning ziddiyatli nuqtalari, insonning ruhiy olamidagi evrilishlar, qalb iztiroblarining eng nozik kechinmalari-chertimlari o‘zining tiniq ifodasini topgan. U mukammallik sari intilayotgan qahramonlari qiyofasida o‘z menini to‘xtovsiz tadqiq etadi va puxta tahlil qiladi.
Taniqli shoir va tarjimon Odil Ikrom ta’biri bilan aytganda, “Zahmatkash ijodkor Mahbuba Suvon Soqiy qizining qissa va hikoyalari ravon o‘qiladi. Go‘yo yaxshi bir gurung berayotgan muallifga o‘quvchi quloq tutadi. Shuning uchun o‘quvchiga kitobning har bir sahifasidan ezgulik va yaxshilik ufurib turganday tuyuladi”.
Mahbuba Soqiyevaning betakror va go‘zal she’riyati zamirida, lirik kechinmalarida millatning eng og‘riqli dardlari, ijtimoiy muammolari katta mahorat bilan singdirilganki, bu ham uning yoniq tuyg‘ularga oshno ekanini ko‘rsatadi. Ijodkor dunyoga o‘zi aytmoqchi bo‘lgan teran falsafa va g‘oyani badiiy so‘z vositasida, samimiy satrlar tagmatniga yuklab, ohorli tashbehu istioralar orqali jo etadi.
Muallif so‘nggi yillarda tarjima bobida ham samarali izlanishlar olib bordi. Har bir tarjimasida mualliflarning ijod olamini ich-ichidan chuqur bilishi, ularning o‘ziga xos yozish uslubi va ohanglarini o‘rgangani, asliyatdagi ma’no-mazmunni tugal ifoda qilishga intilishi uning nechog‘li salohiyatli ekanining yorqin isbotidir.
“Bir kaft tuproq” kitobida Rossiya, Tojikiston, Moldova, Ukraina, Ozarbayjonning dunyoga mashhur shoirlari – Sergey Yesenin, Boris Pasternak, Sergey Mixalkov, Aleksandr Kabishev, Mixail Matusovskiy, Feruz Nizomiddin, Ne’matjon Rahimov, Olga Grosu, Alyona, Oleg Konvaliya, Marina Svetayeva va Imran Qosimov she’riyatidan o‘zbek tiliga go‘zal tarjimalar o‘rin olgan.
Rus tilidagi “Milыy drug” kitobida o‘z she’rlaridan tashqari, qator yozuvchi va shoirlarimiz, xususan, Cho‘lpon, Usmon Nosir, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Suvon Soqiy, Amir Xudoyberdi, Amirqul Karim, Gulchehra Shahobiddinova, G‘ulom Abdiyev, Umida Xushvaqtovaning she’rlari, Abdulla Qahhor, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov, Qo‘chqor Norqobil, Munavvara Usmonova, Muhammad Ismoil va Muzaffar Muhammadnazirning hikoyalari tarjimalari ham berilgan.
Adabiy tadbir yurtimizda kitobxonlik madaniyatini kuchaytirish, iste’dodli shoiraning ijodini munosib targ‘ib etish, yoshlarimiz o‘rtasida ma’naviy muhitni yanada yaxshilashga xizmat qilishi shubhasiz.
N.Usmonova, O‘zA