Shoir xotirasi yodga olindi
Andijon shahridagi Muhammad Yusuf maydonida “Shoir xotirasi hamisha qalbimizda” deb nomlangan adabiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatdagi umumta’lim maktablarida O‘zbekiston xalq shoiri, vatan kuychisi Muhammad Yusuf tavallud kuni oldidan uning ijodini keng targ‘ib qilish, ona Vatan, mehr-oqibat mavzusidagi she’rlari orqali yosh avlod qalbida ona yurtga muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash maqsadida qator adabiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan Andijon shahridagi Muhammad Yusuf maydonida bir necha kundan buyon har oqshom navbat bilan adabiy kechalar tashkil etilmoqda.
Men dunyoni nima qildim
O‘zing yorug‘ jahonim.
O‘zimga xon, o‘zim sulton,
Sen taxti sulaymonim.
Yolg‘izim, yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi?
O‘zing mening ulug‘lardan,
Ulug‘imsan, Vatanim!..
Ana shu she’riy satrlar bilan boshlangan “Shoir xotirasi hamisha qalbimizda” deb nomlangan navbatdagi adabiy tadbir Andijon tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumta’lim maktablari direktorlari hamda pedagog-xodimlari tomonidan tashkil etildi.
Adabiyot muxlislari, ijodkorlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etgan tadbirda shoirning hayoti, ijodi yana bir bor yodga olindi, shoirning yuksak insoniy fazilatlari, she’riyatining o‘ziga xos jihatlari xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Ta’lim tizimi xodimlari tomonidan shoir qalamiga mansub she’rlar o‘qildi, Muhammad Yusuf she’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlar ijro etildi.
Mazkur tadbir ishtirokchilarning adabiyot, she’riyatga bo‘lgan qiziqishi, shoir ijodi haqidagi tasavvurlarini boyitish bilan birga, qalblarida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA