Shoir koinot va ko‘ngil olamining sarchashmalarida
Maxtumquli tavalludining 300-yilligiga
Jahon adabiyoti taraqqiyotida dunyo xalqlarining o‘zaro adabiy aloqalari butun insoniyatning madaniy, ma’naviy barkamollikka erishishida katta ahamiyatga ega bo‘lib kelgan.
Genrix Geyne “Har bir inson koinotdir, u inson bilan birga tug‘ilib, birga o‘ladi” deganida insonning koinot darajasida beqiyos keng tafakkurga va dunyoviy ilmlarga intilib yashashini va bunda adabiyotning o‘rni beqiyos ekanligini nazarda tutgan, deb o‘ylayman.
Shu o‘rinda buyuk Maxtumquli Firog‘iy ijodiga nazar solsak, nafaqat inson olamini balki butun koinotning sir-asrorlarini ham ochiq oydin tasavvur qila olamiz.
Shoir “Bilmasmisan” she’rida:
Maxtimquli so‘zlamoqda to‘qqiz falak Zahrosi
Yetti yulduz qardoshi Oyning, Kunning porasi...
Nuri-diydam chashmasi, Safo, Merve orasi,
Sulaymondek ahdimni sindirganim bilmasmisan?
deb ta’kidlar ekan, har bir satrda butun koinot sir-asrorlariga ishora qiladi. She’rdagi to‘qqiz falak, yetti yulduz, Oy, Kun ta’riflari Maxtumqulining ko‘ngil olamidagi koinotning she’rlaridagi ifodasiga aylanganini ko‘ramiz. Biz Maxtumqulini nafaqat shoir, balki donishmand faylasuf, astronom, sayohatchi, dunyo xaritasini yaxshi biluvchi geograf, bir so‘z bilan aytganda, dunyoviy ilmlar bilimdoni sifatida xaqli ravishda e’tirof etamiz.
Maxtumquli o‘z ijodida Sharqning buyuk shoirlari Nizomiy, Dexlaviy, Saadiy, Jomiy, Rumiy, Umar Xayyom, Yunus Hamro, Navoiy, Fuzuliy asarlarini chuqur o‘qib o‘rgangan, ularni o‘ziga ustoz tutgan.
Maxtumquli nafaqat turkman xalqining, balki O‘rta Osiyo mamlakatlarining ham ulug‘ shoiri hisoblanadi. Bizning yurtimizda Maxtumqulidan to‘rt qator she’r bilmaydigan inson yo‘q. Uning she’rlari hofizlar tomonidan kuyga solib kuylangan. Hikmatlari esa maqol va matallarga singib, oddiy xalq orasida suhbatlarning bosh mavzusi bo‘lib kelmoqda.
Ya’ni xalqimiz Maxtumqulini o‘z shoiri deb tan oladi. Ayniqsa, Maxtumquli ijodi qoraqalpoq xalqi mumtoz adabiyotining gultoji hisoblanadi.
Avlodlarga minglab she’r, dostonlar qoldirib ketgan qoraqalpoq xalqining benazir shoiri Berdaqning ruhiy olami Maxtumqulining ilhom sarchashmalari bilan boyigan. Berdaq:
Maxtumqulini o‘qiganda,
Aytar edim har zamonda,
Nuqson bormi beglar anda,
So‘zin tavob qilar edim...
deb yozgan edi bir she’rida.
Shuningdek, qoraqalpoq xalqining Ajiniyoz, Kunxo‘ja, Umar, O‘tash singari qlassik shoirlari va XX asr adabiyotidagi Sodiq Nurimbetov, Abbos Dobilov, Tileo‘bergan Jumamurodov, Ibroyim Yusupov singari atoqli namoyondalari ham Maxtumqulini o‘ziga ustoz bilgan.
Ajiniyozning “Bu dunyoning ko‘rki odam bolasi”, “Davron bo‘lmadi”, “Ko‘nglim mening” va boshqa ko‘p she’rlari Maxtumqulining ruhiy olamini yorqin aks ettiradi.
Masalan: Maxtumquli bir she’rida:
“Kim g‘am chekdi, kim yig‘ladi, kim kuldi,
Ishratli bir go‘zal zamon bo‘lmadi...”
deb yozgan bo‘lsa, Ajiniyoz:
“ Sanamlar qo‘lida tilla soz edim,
Avjga keltirar bir janon bo‘lmadi...”
deb ta’rif beradi.
Ayniqsa, O‘zbekiston Qahramoni, Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston xalq shoiri Ibroyim Yusupov ijodida ham Maxtumqulining ustozligini anglash mumkin. Ibroyim Yusupov Maxtumquli hayoti va ijodini chuqur o‘rgangan va u haqida bir necha maqolalar yozgan, she’rlarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilgan. Ibroyim Yusupovning Maxtumqulidan ruhlanib yozgan “Namasan”, “To‘yi Turkmanning”, “Yodimga tushdi”, “Bo‘lmasa” kabi she’rlarini misol qilib keltirish mumkin.
Maxtumquli “Namasan” she’rida shunday yozadi:
Qaroqchimi, yo saidmi, xo‘jami,
Yo soqiymi, yo sharobmi, yo jommi,
Yo yilmisan, yo kunduzmi, kechami,
Yo Oymisan, yo Kunmisan namasan...
Ibroyim Yusupovning shu uslubda yaratgan she’ri shunday jaranglaydi:
Yil hosil moliga bozor topolmay
Hushyor tortgan karvonmisan, nimasan?
Yurakda she’r bo‘lib, sirtga chiqolmay
Yig‘lab ketgan, armonmisan, nimasan?
Ko‘rinib turibdiki, Maxtumquli she’riyati bilan qoraqalpoq klassik shoirlari ijodidagi bir xil uslub ikki xalqning qadriyatlari, ma’naviyati, urf-odatlari, o‘zaro bag‘rikenglik, birodarlik fazilatlarining mushtarakligidan dalolatdir.
Shu o‘rinda men adabiyotshunos olim, xalqaro Maxtumquli-Firog‘iy nomidagi davlat mukofoti sovrindori, filologiya fanlari doktori Karimboy Quramboyevning “Qoraqalpoq – turkman adabiy aloqalarida Maxtumquli ijodining vositachilik roli” maqolasiga diqqatingizni qaratmoqchiman.
“Qoraqalpog‘istonda Maxtumquli ijodiga qiziqish hech qachon pasaygan emas, aksincha, yillar o‘tgan sari shoir merosini yangi mezonlar, yangi qarashlar asosida o‘rganish, targ‘ib va tarjima qilish kuchayib boradi.
Ayniqsa, mustaqillik yillarida Maxtumquliga murojaat hayotiy zaruratga, ma’naviy ehtiyojga aylanib bormoqda. Shoirning har bir she’rida ilgari surilgan g‘oyalar, nainki kitobxon, balki ijod ahli uchun ham ma’naviyat bulog‘idir. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bugungi qoraqalpoq adabiyoti vakillari, shoirlar Maxtumquliga qayta-qayta murojaat etmoqdalar, asarlaridan ruhlanib she’rlar, naziralar, muxammaslar, o‘xshatmalar yaratmoqda. T.Qabulov, A.Ajiniyozov, K.Rahmonov, J.Izbosqonov, U.Pirjanov, A.O‘tepbergenov, T.Sarsenboyev kabi shoirlarning Maxtumquli yo‘lida yozgan turkum she’rlarini, g‘azallariga bog‘lagan muxammaslarini bag‘ishlovlarini ibratli tajribalar tarzida tilga olib o‘tish muhimdir. Hozir ularni nomma-nom sanasak, kattagina ro‘yxat yuzaga keladi. Bular Maxtumquliga ergashishning yorqin misoli, ijodiy ilhomning samaralaridir”.
O‘z kuzatishlarimdan shuni angladim-ki, Maxtumquli bobomizning kitoblari qaysi xalq tiliga tarjima qilinib, ularning kitob javonlaridan o‘rin egallamasin, u qo‘ldan qo‘lga o‘tib titilib-titilib ketganini ko‘ramiz.
Bu har qanday ijodkorning eng oliy orzusidir. Ijodkor kitobi hozirgina nashrdan chiqqandek yap-yangi emas, uning qayta-qayta o‘qilib varaqlari titilib, muqovasi yirtilib ketishini istaydi. Chunki kitobning qo‘lma-qo‘l bo‘layotgani hayot falsafasi, imon-e’tiqod, mehr-oqibat, vatanparvarlik fazilatlarining ziyosi – shu kitob orqali inson ruhini yoritayotganini, uni barkamol insonga aylanayotganini his qilish mumkin.
Maxtumqulining 1957-yilda Leningradda chop etilgan, o‘qilaverib titilib ketgan to‘la asarlar to‘plamini qo‘lga olganimda xuddi ko‘ksimda quyosh porlab ketganday bo‘lgan. Kitobni o‘zim ham qayta-qayta o‘qiganman, hayot xaqiqatlarini chuqur anglaganman va tarjima qilishga kirishganman. 2022-yilda bu orzuim amalga oshib, Maxtumqulining II tomlik asarlar to‘plami o‘zbek tilida nashrdan chiqdi va o‘z o‘quvchilarini topdi.
Shu bilan birga Maxtumquli yo‘lida yozilgan she’rlarim bor. “Panoh”, “Oyning yaxshisin”, “Ko‘nglimga”, “Topmassan” singari ko‘pgina she’rlar shular jumlasidan. Yuqorida ta’kidlanganidek, Maxtumquli nafaqat Turkmanistonning, balki butun jahonning shoiridir.
Shu kunlarda butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham Maxtumquli-Firog‘iy tavalludining 300-yilligini nishonlash uchun katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu sanani keng nishonlash maqsadida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qarorda ham Maxtumqulining jahon adabiyotidagi o‘rni alohida ta’kidlab o‘tilgan.
Hassos so‘z san’atkorining chuqur gumanizim bilan sug‘orilgan asarlari mard va matonatli, mehnatkash turkman xalqining ezgu qadriyatlari va oliyjanob fazilatlarini tarannum etishi, hamisha xalq bilan hamdard bo‘lishga, turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro ahillik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan mazmun-mohiyati barchamiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun ibrat namunasidir.
Guliston Matyoqubova,
“Qoraqalpoq adabiyoti” gazetasi bosh muxarriri,
Qoraqalpog‘iston xalq shoiri.
O‘zA