Shogirdlar qalbiga yo‘l topgan ustoz
Taekvondo bilan shug‘ullana boshlaganiga endigina bir oy bo‘lgan o‘n yoshlardagi bola mashg‘ulotlarga boshqa bormasligini aytib, otasiga xarxasha qildi. Otasi bu haqda seksiya murabbiyiga maslahat soldi. Murabbiy Faxriddin Umarov vaziyatni bilgach, bolakayning o‘zi bilan gaplashdi.
Taekvondo bilan shug‘ullana boshlaganiga endigina bir oy bo‘lgan o‘n yoshlardagi bola mashg‘ulotlarga boshqa bormasligini aytib, otasiga xarxasha qildi. Otasi bu haqda seksiya murabbiyiga maslahat soldi. Murabbiy Faxriddin Umarov vaziyatni bilgach, bolakayning o‘zi bilan gaplashdi.– Nima bo‘ldi, bolam? – so‘radi murabbiy. Uning oxirgi so‘zi bolaning ko‘nglini yupatdi.
– Ustoz, taekvondo qiyin ekan, bu sport menga yoqmayapti.
Murabbiy biroz o‘ylanib turdi-da «mayli, xohishing», dedi o‘zini atay beparvo ko‘rsatib:
– Faqat bir narsani hech qachon esingdan chiqarma. Senda qobiliyat bor. Hozir ota-onang, yaqinlaring ishonchini yo‘qotasan. Takevondo yoqmagan bo‘lsa, boshqa sport bilan shug‘ullan. Chempion bo‘lishing shartmasdir, lekin hayotda sport baribir asqotadi.
Ustozning kuyunchaklik bilan gapirgani bolaga ta’sir qildi. Biroz taraddudlanib turdi-da, sport formasini kiyib chiqdi va safga borib turdi. Faxriddin aka mamnun bo‘lib, mashg‘ulotlarni boshlab yubordi.
Poytaxtimizdagi 25-bolalar va o‘smirlar sport maktabining taekvondo (WTF) bo‘yicha murabbiyi Faxriddin Umarovni ko‘pchilik yetuk mutaxassis va mohir pedagog sifatida biladi. U tarbiyalagan sportchilar bugun O‘zbekiston terma jamoalari safida dunyoning qator davlatlarida o‘tayotgan nufuzli musobaqalarda yuksak natijalarga erishayotir.
...Chigalyozdi mashqlardan so‘ng sportchilar asosiy mashg‘ulotlarga kirishdi. Oyoqda bajaradigan bir-ikki zarbani qayta-qayta takrorlashayapti.
– Sportchi bir zarbani yaxshilab o‘zlashtirmaguncha boshqasini o‘rganishga shoshilmaslik kerak, – deydi murabbiy. – Zero, hammasini birdan o‘rganaman degan odam aslida hech narsani o‘rganolmay qoladi. Chempionlik yo‘li mashaqqatli yo‘l, unga asta-sekinlik bilan boriladi.
Ustozning gapi xitoylik mashhur sportchi, kinoaktyor Bryus Lining «Men o‘n ming turli zarbani o‘rgangan odamdan qo‘rqmayman, men bir zarbani o‘n ming marta o‘rgangan odamdan qo‘rqaman» degan gapini yodga soldi.
Shundan so‘ng Faxriddin aka sportchilarni bir-biri bilan sparring – yakkama-yakka bellashishga chorladi. Har kim o‘z vazniga mos sherigi bilan bellashdi. E’tiborlisi, sport zalida terma jamoalar a’zolari, xalqaro miqyosdagi chempionat va turnirlar g‘olib va sovrindorlari bilan hali musobaqa havosini olmagan yosh sportchilar birga shug‘ullanmoqda. Murabbiyning aytishicha, bu uslub endigina sportga qadam qo‘ygan o‘g‘il-qizlar qalbida havas va intilishni kuchaytirishga yordam beradi.
– Avvalo, sportchilar o‘rtasida yaxlit jamoani, ahillikni, o‘zlarini bir oila a’zolaridek tutish hissini shakllantirish kerak. Shunda sog‘lom raqobat yuzaga keladi, – deydi u. – Ko‘z tegmasin, seksiyamizda shug‘ullanayotgan ellikka yaqin yigit-qizning hammasi bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘ladi. Chunki murabbiy faqat chempionni emas, balki ota-onasiga, oilasiga, yurtiga nafi tegadigan vatanparvar, har tomonlama sog‘lom, yetuk shaxsni tarbiyalashi kerak.
Bugun F.Umarovning shogirdlari O‘zbekiston milliy, yoshlar va o‘smirlar terma jamoalari safida turli nufuzli musobaqalarda, mamlakat miqyosidagi chempionatlarda munosib ishtirok etmoqda. Taekvondo bo‘yicha jahon chempioni Dmitriy Shokin, xalqaro turnirlar, mamlakat chempionatlari g‘olib va sovrindorlari Viktoriya Kim, Maftuna Toshtemirova, Muharram Karimova, Nikita Kim, Olimjon Autov, Sarvinoz Sharipova kabi sportchilar shular jumlasidandir.
– Faxriddin aka o‘ta talabchan va mehribon murabbiy, tartib-intizom, tozalik, odob-ahloqqa jiddiy e’tibor beradi, – deydi M.Karimova. – Mashg‘ulot davomida har bir mashqni kuzatib, yaxshi bajarsak maqtab, xato qilsak tavsiyalarini beradi. Ustozimning «shunday bellashginki, o‘zingni ham, raqibingni ham jarohat olishiga yo‘l qo‘yma» degan gaplari mening shiorimga aylangan. Maqsadim – kelajakda Faxriddin aka kabi mohir murabbiy bo‘lish.
Qariyb qirq yildan beri sport «qozonida qaynayotgan» tajribali murabbiy bugun shogirdlarining yutug‘i bilan faxrlanib qolmasdan, yangi-yangi iste’dodlarni kashf etish yo‘lida tinmay mehnat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga binoan Faxriddin Umarov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.