“Shodiyona” nomiga monand maskan bo‘ldi
Mustaqilligimizning 30 yillik to‘yi oldidan barcha hududda obodonlashtirish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Jumladan, Farg‘ona viloyatida ham har bir mahalla va guzar, ko‘cha va yo‘llar ta’mirlanib, obodonlashtirilmoqda.
Farg‘ona shahridagi 7 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan “Shodiyona” mahallasida ham ayni ishlar yakuniga yetkazildi. Ham mahalla, ham shahar markaziy ko‘chalaridan biri sanalmish Sohibqiron Temur ko‘chasida joylashgan 16 ta ko‘p qavatli uy va ularning yon-atrofida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlarni bajarish doirasida viloyat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tomonidan 16 ta ko‘p qavatli uyni mukammal ta’mirlash ishlari olib borilib, 5 ta bolalar maydonchasi barpo etildi. S.Temur ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli turar joylar hududida “Alleya” maydoni tashkil etilib, manzarali daraxt va gullar ekildi. 60 ta tungi yoritish tayanchi o‘rnatildi, 0,8 km yo‘laklar rekonstruksiya qilindi. 34 ta dam olish maskani tashkil etildi.

Bu bilan ko‘p qavatli turar joylarda yashovchi aholining bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratildi.
Shu bilan birga, mahallada joylashgan ko‘p qavatli turar joylar “Musaffo hayot” MCHJ boshqaruv kompaniyasiga biriktirildi va yangi bino bilan ta’minlandi.
Shodiyonaliklar bunday e’tibordan, obodonchilikdan g‘oyatda shod. Mahalla ahli “Shodiyonamiz endilikda ismi jismiga monand maskan bo‘ldi”, deyishmoqda.
Sardorxon Sodiqxonov,
Farg‘ona viloyat Uy-joy kommunal
xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.
O‘zA