Shirinliklar Navoiyni yod etishdi
Shirin shahrida buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbir avvalida shahardagi Ma’naviyat va ma’rifat maskani hududida joylashgan Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, ulug‘ mutafakkir xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

Yoshlar markazida tashkil etilgan tadbirning badiiy qismida korxona va tashkilotlar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar hamda yoshlar ishtirok etishdi.

Shahar hokimi Niyoz Hazratqulov Navoiy merosining ahamiyati va uning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rniga alohida to‘xtalib, “Xamsa” dostonidagi “Farhod va Shirin” asari muhabbat, fidoyilik va insoniy fazilatlarning timsoli ekani, shu doston qahramoni nomi bilan atalgan Shirin shahri, shaharda barpo etilgan “Farhod” GESi haqida faxrlanib gapirdi.


Shahar madaniyat bo‘limi xodimlari hamda san’atga qiziquvchi yoshlar tomonidan buyuk shoir ijodidan namunalar o‘qildi, ijodiy chiqishlar, ijro etilgan ashula va raqslar esa tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri