Shijoatli ayol, ahil oila bekasi
15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni
Ayol – oqila, go‘zallik timsoli, oila farishtasi. Bu kabi sifatlarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ular qatoriga jasoratli, ishbilarmon, tadbirkor degan sifatlarni ham bemalol qo‘shsak bo‘ladi. Keyingi yillarda o‘zbek ayoliga bu kabi sifatlarni ko‘p qo‘llamoqdamiz. Chunki yurtimizda har sohada ayollarning faolligi sezilmoqda.
Ana shunday shijoatli ayollardan biri Jizzax viloyatining olis, chekka hududi Forish tumanidagi Yangi qishloqda istiqomat qiladi. Tumanda Zarifa Abdug‘aniyevani ko‘pchilik yaxshi taniydi. U bir necha yildirki, “Yuksak qoyalar” korxonasiga rahbarlik qilib kelmoqda.
[gallery-13982]
2020 yilda Forish tumani hokimining qarori bilan ijara shartnomasi asosida ilgari yaylov bo‘lgan 400 gektar maydonni o‘zlashtirib, poliz va sabzavot ekinlari ekdi. Turmush o‘rtog‘i maslahati bilan artizan quduq qazib, suv chiqardi. Muntazam pomidor, loviya, lavlagi, qalampir kabi sabzavot, qovun, tarvuz, oshqovoq singari poliz ekinlaridan mo‘l hosil olmoqda. Korxona va unga qarashli qishloq xo‘jaligi yerlarida 10 ga yaqin doimiy, 60 ta mavsumiy ish o‘rni yaratdi.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 24 apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorga qanot bag‘ishladi. “Agrobank” Forish tuman filialidan 400 million so‘m imtiyozli kredit olib, 350 million so‘m atrofida daromadli bo‘ldi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/VrrqiyCRp50" title="Shijoatli ayol, ahil oila bekasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Tumanda chorvachilik uchun sharoit yetarli. Shularni inobatga olgan tadbirkor chorvachilikni ham yo‘lga qo‘yishni reja qilgan. Har ishda bilim va tajriba kerak, albatta. Buni yaxshi tushungan Zarifa Abdug‘aniyeva tinimsiz izlanishda.
–Bugungi kun tadbirkori kerakli bilimga ega bo‘lmasa, qiyinchilik, muammoga duch kelganda yechim topolmasligi aniq. Shularni o‘ylab, ishlab chiqarishdan uzilmagan holda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 2-kurs sirtqi bo‘limida tahsil olyapman, – deydi Zarifa. –Turmush o‘rtog‘im bilan bamaslahat katta rejalar tuzganmiz. Boshlagan keng qamrovli ishlarimiz rivojini yaratgandan astoydil so‘rab, mehnat qilmoqdamiz. Avvalo, yurtimiz farovonligi, qolaversa oilamiz uchun qilayotgan zahmatlarimiz mevasini ko‘rish niyatidamiz. Oilada yakdillik bo‘lsa, topganingda baraka bo‘ladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat,video),
O‘zA muxbirlari.