Shifoxona atrofidagi tibbiy chiqindilar: mutasaddilarga savol bor
Bugungi kunda tibbiy chiqindilar juda ko‘p darajada hosil bo‘lmoqda. Ammo tibbiy chiqindilarni maishiy chiqindilarga aralashtirib bo‘lmaydi. Chunki ularning ta’sirida suv, havo, tuproq, oziq-ovqat mahsulotlari ifloslanishi mumkin. Bu esa aholi orasida infeksion va noinfeksion kasalliklarning tarqalishiga sabab bo‘ladi.
O‘tkir ekologik muammolar orasida chiqindi masalasi ham dolzarblashib borayotgan bir paytda chiqindilarni saralash, utilizatsiya qilish va belgilangan me’yorlar darajasida tashish kabilarga alohida e’tibor qaratish lozim. Bu jarayon esa tibbiyot chiqindilarga alohida yondashuvni talab etadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Javlon Abdullayev Farg‘ona viloyatida olib borgan o‘rganishlari davomida Buvayda tumani markaziy shifoxonasi hovlisida tibbiy chiqindilar oylar davomida yig‘ilib qolganining guvohi bo‘ldi.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, kasalxona orqa hovlisiga ko‘mib kelinayotgan bu chiqindilar nafaqat sanitariya qoidalariga zid, balki aholi salomatligiga ham jiddiy zarar yetkazishi, qaytarib bo‘lmaydigan kasalliklarning ko‘payishiga olib kelishi mumkin.
Amaldagi sanitariya qoidalariga ko‘ra, tibbiy chiqindilar maxsus poligonlarga olib ketilib, zararsizlantirilishi shart. Ammo tumandagi vaziyat achinarli ahvolda.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Javlon Abdullayev Sog‘liqni saqlash va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklariga mazkur muammo yuzasidan deputatlik so‘rovini yubordi.
So‘rovda bir qator savollarga asoslantirilgan tushuntirish berish so‘ralgan:
• Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi shifoxonada chiqindilar belgilangan sanitariya qoidalariga muvofiq yo‘q qilinyaptimi? Agar shunday bo‘lsa, nega ular shifoxona atrofida to‘planib yotibdi?
• Barcha tibbiyot muassasalarida chiqindilarni tashish va zararsizlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilganmi?
• Sanitar-epidemiologik xizmat tomonidan tibbiy chiqindilar bo‘yicha amaldagi holat butun respublika bo‘ylab o‘rganilganmi va qonunbuzarliklarga qanday choralar ko‘rilmoqda?
• Tibbiy chiqindilar monitoringi qay tarzda amalga oshirilmoqda va tizimni yaxshilash bo‘yicha qanday takliflar mavjud?
Deputat so‘rovida shu kabi savollar aks etgan bo‘lib, bu nafaqat Buvaydadagi holat, balki butun respublika tibbiyot muassasalaridagi tibbiy chiqindilar masalasi bilan bog‘liq. Zero, bu kabi maskanlarda har kuni turli tibbiy muolajalar ӯtkaziladi, turli tahlillar olinadi, ukol qilinadi yoki operatsiyalar bajariladi. Demak, tibbiyot chiqindilarining epidemiolik xavfi ham yuqori. Shunday ekan, bu masalalarga jiddiy e’tibor qaratish lozim bo‘ladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA