Shaxmatchi qizlarimiz Osiyo chempionatida peshqadam
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo chempionatining 7-tur o‘yinlari ostonasida hamyurtlarimiz Afruza Hamdamova 5,5 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva 5 ochko bilan 2-o‘rinni egallab turibdi.
Kecha o‘tkazilgan 5-tur bahsida Hamdamova qora donalarda terma jamoamiz a’zosi Gulruhbegim Tohirjonovadan ustunlikka erishdi. N.Imomqo‘ziyeva esa mazkur turda mo‘g‘ulistonlik Batxuyag Munguntuulni taslim etdi.

Erkaklar musobaqasining 6-turida hamyurtimiz Abdumalik Abdusalimov qora donalarda vetnamlik Tran Gian Pxus Pxam bilan murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa, Ortiq Nig‘matov va Saidakbar Saidaliyev ham raqiblari bilan durangga erishdi. Humoyun Bekmuratov esa oq donalarda imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Bugun, 4-iyun kuni o‘tkaziladigan 7-tur musobaqasida turnir jadvalida 4,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 143 nafar ishtirokchi orasida 9-o‘rinda borayotgan Abdumalik Abdusalimov oq donalarda mo‘g‘ulistonlik Uyurtsaix Agibileg bilan kuch sinashadi.

Ayollar musobaqasida ishtirok etayotgan Afruza Hamdamova 7-turda oq donalarda hindistonlik Ravi Rakshitta bilan, N.Imomqo‘ziyeva qora donalarda yana bir hind shaxmatchisi Savitxa Shri bilan, G.Tohirjonova ham qora donalarda hindistonlik Agraval Vantika bilan ro‘baro‘ keladi.

Mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSH dollaridan iborat chempionatning so‘nggi 9-tur o‘yinlari 6-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA