Shaxmat: Nodirbek Abdusattorov Germaniyada nufuzli turnirda qatnashmoqda
Germaniyada boshlangan “Grenke Chess Festival” xalqaro turnirining ilk turida Nodirbek Abdusattorov muvaffaqiyatga erishdi.
Mukofot jamg‘armasi 285 ming yevrodan iborat bo‘lgan mazkur turnir ikki formatda o‘tkaziladi.
Nufuzli musobaqada Magnus Karlsen, Yan Nepomnyaiy, Maksim Vashe-Lagrav, Vinsent Keymer, Levon Aronyan singari eng mahoratlilar qatorida o‘zbekistonlik shaxmatchilardan Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Afruza Hamdamova fristayl yo‘nalishida, Muhammadzohid Suyarov, Humoyun Bekmuratov, Muhammadali Abdurahmonov va Gulruhbegim Tohirjonova klassik yo‘nalishidagi bahslarda qatnashmoqda.
Kecha xalqaro turnirning bir qator juftliklarida 1-tur o‘yinlari o‘tkazilib, fristayl yo‘nalishidagi bahslarda Nodirbek Abdusattorov avstriyalik Emanuel Xyoglni, Nodirbek Yoqubboyev germaniyalik Mattias Baxni, Shamsiddin Vohidov ispaniyalik Eloi Eskudero Riboni dog‘da qoldirdi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi reytingining yetakchisi, sobiq jahon chempioni Karlsen dastlabki turda ozarbayjonlik Narmin Xalafovani mag‘lub etdi.
Aytish lozim, 9 ta turdan iborat “Grenke Chess Festival” xalqaro musobaqasida umumiy hisobda 984 nafar shaxmatchi dona surmoqda.
Fristayl yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionatiga yo‘llanmalarni taqdim etadigan bahslar 6-aprelgacha davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA