“Shaxmat ligasi”ning kuchlilari aniqlandi
Poytaxtimizdagi “Kitoblar olami” majmuasida korxona va tashkilotlar xodimlari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Shaxmat ligasi” musobaqasining respublika final bosqichi bahslari tashkil etildi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining joriy yil 8 maydagi "2026 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida mamlakatimizdagi korxona va tashkilot xodimlari o‘rtasida har yili shaxmat bo‘yicha tuman – hudud – respublika bosqichlaridan iborat “Shaxmat ligasi” musobaqalarini o‘tkazish belgilangan.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida yurtimizdagi turli tashkilot va korxonalarda yil davomida “Shaxmat ligasi” turnirining saralash bellashuvlari uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.
Saralash bahslarida o‘z iqtidorini namoyish etganlar kuni kecha poytaxtimizdagi “Kitoblar olami” majmuasida “Shaxmat ligasi”ning “aql janglari”da ro‘baro‘ keldi.
Murosasiz bahslar natijasida hududlardagi korxona va tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatayotgan 18 nafar ishchi-xizmatchilar final bosqichida o‘zaro kuch sinashdi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Shaxmat ligasi” musobaqasi yakunida erkaklar o‘rtasida sovrinli o‘rinlarga surxondaryolik Nabijon Norboyev, sirdaryolik Otabek Haylayev, andijonlik Najmiddin Umarov ega chiqqan bo‘lsa, ayollar orasida Toshkent viloyatidan Shaxzodaxon Shermuhammedova, xorazmlik Dilnoza Alibekova, andijonlik Mavluda Mahkamova “Shaxmat ligasi”ning sovrindorlari bo‘ldi.
Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari hamda nominatsiya g‘oliblari O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Yoshlar ishlari agentligi va xomiylar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA