Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempionati qizg‘in pallada
Andijondagi “Universal” sport majmuasida 7-17 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazilmoqda. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan jami 840 nafar yosh shaxmatchi O‘zbekiston chempionligi uchun dona surmoqda.
Chempionatning 4-tur uchrashuvlari yakuniga ko‘ra, Xondamir Elmirzayev 4 ochko jamg‘argan holda peshqadamga aylanib oldi. Uni 3,5 ochko to‘plagan Asrorjon Omonov, Akbarali Abduhakimov, Sayyid Usmon Shamsuddinov va Shahrombek Karimov ta’qib etmoqda.
Bugun mamlakat birinchiligi doirasida 5-6-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Darvoqe, shaxmatchilar chempionatda 9 turdan iborat shveysarcha tizimda bahs olib bormoqda. Musobaqa reglamentiga ko‘ra, uchrashuvlarda vaqt nazorati 1,5 soatdan hamda har bir yurishga 30 soniyadan qo‘shib borilishi belgilangan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA